Tabrikni unutgan Ashraf G‘ani Mirziyoyevni qadrdon do‘stim deb, unga rahmat aytdi

Olam

image

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qadrdon do‘stim deb atab, unga Afg‘oniston iqtisodiyotini rivojlantirishda ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi. 

Joriy yilning 11 avgust kuni Qobul shahridagi “Arg” saroyida Afg‘onistondan Xitoyga O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlari orqali birinchi konteyner poyezdi yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani, Hukumat a’zolari, Parlamentning ikkala palatasi deputatlari, Afg‘onistonning ijtimoiy-siyosiy va ishbilarmon doiralari, shuningdek, diplomatik korpus vakillari ishtirok etgan. 

O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston transport vaziri Yama Yari mamlakatda transport koridorlarini rivojlantirish va afg‘on mahsulotlarini Xitoyga eksport qilish rejalari to‘g‘risida gapirgan. U Hayraton portidan Xitoyga 41 vagonli birinchi konteyner poyezdining muvaffaqiyatli yuborilishini olqishlagan. Vazirning ta’kidlashicha, temir yo‘l transportining yo‘lga qo‘yilishi Afg‘oniston eksportini bir necha marotaba ko‘paytiradi va shu bilan birga tovarlarni tashish va yetkazib berish vaqtini kamaytiradi. 

Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani o‘z nutqida ishtirokchilar e’tiborini Afg‘oniston o‘zining noyob gegrafik joylashuvi tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in ekanligiga qaratgan. “Bugun Afg‘oniston uchun tarixiy kun, u eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘liga o‘tmoqda”,  deydi Afg‘oniston rahbari. 

Muhammad Ashraf G‘ani O‘zbekistonning mintaqadagi yuklar tranziti, transport va kommunikatsiya yo‘nalishlarini rivojlantirishdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi va Afg‘oniston yuklarining Xitoyga tranzit qilinishiga ko‘maklashgani uchun respublika rahbariyatiga alohida minnatdorchilik bildirdi: 

“Men qadrdon do‘stim Prezident Shavkat Mirziyoyevga Afg‘onistonni tiklash va rivojlantirish yo‘lida mamlakatimiz xalqi va Hukumatiga ko‘rsatayotgan yordam uchun samimiy minnatdorchilik bildirmoqchiman”. 

Joriy yilning avgust oyi boshida Afg‘onistondagi qo‘poruvchilik harakatlarining asosiy rejissyori va ishtirokchisi bo‘lgan “Tolibon” harakatining Qatar poytaxti Doha shahridagi rahbarlari delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashgan edi. Samarqandda bo‘lgan “Tolibon”chilar zar to‘n bilan siylandi. 

Bu voqeadan keyin, Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonga nisbatan bayonot bilan chiqdi. Unda shunday deyilgan edi: 

“Tolibon” harakati vakillarining rasmiy qabuli va muzokaralar dinamikasi O‘zbekiston Respublikasi Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati va “Tolibon” harakati vakillari o‘rtasida olib borilayotgan tinchlik muzokaralarida birdamligini ko‘rsatmaydi.

Biz barcha davlatlarni, ayniqsa qo‘shnilarimizni, tinchlik jarayonida Afg‘oniston Islom Respublikasi xalqi, Hukumati va rahbariyatini hurmat qilishga chaqiramiz”. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni mamlakat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan tabriklagan davlat rahbarlari ro‘yxatida ham Muhammad Ashraf G‘anining nomi yo‘q edi. Mirziyoyevga tabrikni Afg‘oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla yo‘llagandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ashraf G'ani

Baholaganlar

167

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing