Tabrik, toshqin va pandemiya... Mirziyoyev To‘qayev bilan telefonda muloqot qildi

Jamiyat

image

Bugun, 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bayram – fashizm ustidan qozonilgan G‘alaba kuni munosabati bilan bir-birlarini tabriklab, ikki mamlakat faxriylari va birodar xalqlariga tinchlik, sihat-salomatlik va farovonlik tiladilar.

Chegaraoldi hududlarda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Jabr ko‘rgan tumanlarda aholiga manzilli yordam ko‘rsatish va infratuzilmani tiklash bo‘yicha navbatdagi qadamlar kelishib olindi.

Prezidentlar koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq joriy epidemiologik vaziyatni ham ko‘rib chiqdilar. Pandemiyaga qarshi kurash, aholi va biznes uchun cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatish borasida ikki mamlakatda ko‘rilayotgan choralar qo‘llab-quvvatlandi.

Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni tez fursatlarda amalga oshirish, jumladan, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati, transport va logistika, boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni tayyorlash va ilgari surish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari xalqaro ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Suhbat yakunida ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan keng ko‘lamli O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligini kengaytirishga intilish qat’iy ekani ta’kidlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston-Qozog'iston Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

64

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing