Tahlil: JSST koronavirus bo‘yicha yangi faktlarni e’lon qildi
Tahlil
−
13 aprel 2020
15140Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti joriy yilning 12 aprel kuni koronavirus bo‘yicha navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, koronavirusdan kasallangan bemorlar soni 1.696.588 nafarni tashkil qilmoqda. Kecha, 12 aprelning o‘zida dunyo bo‘ylab koronavirus yuqtirish bo‘yicha 85.679 ta yangi holat aniqlangan. Kasallikdan vafot etganlar soni 105.952 nafarni tashkil etmoqda. Shulardan 6262 tasi kechaning o‘zida qayd etilgan.
Ko‘rsatkichlar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, AQSH bemorlar sonining o‘sishi bo‘yicha o‘zining rekordini yangiladi. Kechaning o‘zida 31.606 ta yangi holat qayd etilib, umumiy bemorlar soni yarim millionga yaqinlashgan, aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, 492.881 nafarga yetdi. O‘limlar soni esa 18.516 (12 aprelning o‘zida 1920 ta yangi o‘lim holatlari) nafarni tashkil qilmoqda. Kanada davlatida ham kasallanganlar soni ortgan. 12 aprel hisoboti bo‘yicha ular soni 22.544 nafarga yetgan. O‘limlar soni 69 nafarni tashkil qilmoqda.
Afrika qit’asida ham koronavirus xavfi ortib bormoqda. Soha mutaxassislari 50 dan ortiq davlatlarni birlashtirgan ushbu qit’a koronavirusga dosh bera olmasligini aytmoqda. Asosiy faktorlar sifatida oziq-ovqat tanqisligi natijasida inson tanasidagi vitaminlarning kamligi, buning natijasida kasallikka kurashuvchanlik foizi pastligi, tibbiyotning rivojlanmaganligi kabilar ko‘rsatilmoqda. Koronavirus bilan kasallangan bemorlar eng yuqori ko‘rsatkichi Janubiy Afrikada bo‘lib, ushbu davlatda hozircha 2028 nafarni tashkil qilmoqda. Bitta o‘lim holati qayd etilgan. Unga qarama-qarshi tarafda, qit’aning shimoliy qismida joylashgan Jazoirda esa vaziyat biroz og‘ir ahvolda qolmoqda. O‘limlar soni kechaning o‘zida 19 taga ortib, vafot etganlar 275 nafarga yetgan.
Yevropada tibbiyot ancha rivojlangan bo‘lsa-da, u yerdagi vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Italiya, Ispaniya, Germaniya kabi davlatlar kasallanganlar ko‘rsatkichi bo‘yicha “birinchilik”ni bermay kelmoqda. Ularda o‘lim holati ham nisbatan ancha yuqori hisoblanadi. Koronavirusdan kasallanganlar soni Ispaniyada 161.852 nafar (shundan 4830 ta yangi holat), Italiyada 152.271 nafar (+4694 ) va Germaniyada esa 129.479 nafarni (+2821) tashkil etmoqda. Italiyada o‘lim fozi yuqori bo‘lib, hozirgacha 19.470 taga yetdi. Ushbu qit’ada eng past ko‘rsatkichlar Monako (54 nafar) va Lixtenshteyn (80 nafar) kabi davlatlarda kuzatilmoqda. Monakoda koronavirusdan vafot etgan holati hali kuzatilmadi.
Xo‘sh, o‘zimizning Osiyoda vaziyat qanday? Virusning “vatani” bo‘lgan Xitoydan boshlasak, u yerda 12 aprel ma’lumotlari bo‘yicha o‘lim holati kuzatilmadi. Kasallikni yuqtirgan 113 ta yangi holat aniqlanib, ular soni 83.482 nafarga yetgan. Unga qo‘shni Mongoliya davlatida esa koronavirusni yuqtirganlik bo‘yicha yangi holat aniqlanmagan, kasallanganlar soni 16 nafarni tashkil qilmoqda. Eronda esa vaziyat ancha jiddiy, koronavirusdan 70.029 nafar (+1837) inson kasallangan. Saudiya Arabistonida esa kasallanganlar soni 4 mingdan oshgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. 12 aprel soat 23:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan fuqarolar soni 865 nafarni tashkil qilmoqda.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor