Suv xo‘jaligi vaziriga o‘rinbosar tayinlandi
Jamiyat
−
22 yanvar
4976O‘zbekiston Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq Zokir Eshpo‘latov O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari – Suv xo‘jaligi ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Tayinlovga qadar u O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiya, eksport, savdo, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyati bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritgan.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 7 oktyabrdagi 645-sonli qaroriga asosan vazir o‘rinbosari – Suv xo‘jaligi ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori zimmasiga vazirlik tizimidagi quyi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, tasdiqlangan suv olish limitlari, grafiklari va taqsimoti asosida suv yetkazib berilishini hamda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, nasos stansiyalari ish rejimini tartibga solish hamda elektr energiyasi iste’molini kamaytirish choralarini ko‘rish, shuningdek, tumanlar “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari xizmat ko‘rsatadigan hududda suv resurslarini boshqarish va hisobga olishda uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish kabi vazifalarni amalga oshirish yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Marat Jo‘rayev O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
LiveBarchasi