Suv xo‘jaligi ob’ektlarini qo‘riqlash kuchaytiriladi
Jamiyat
−
01 may 2021
8626O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Inspeksiya boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 33 nafardan iborat tuzilmasi tasdiqlandi.
Inspeksiya boshlig‘iga:
• Inspeksiyaga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, loyiha tashkilotlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini ekspert sifatida jalb qilish;
• zarur hollarda, xodimlarning shtatdagi belgilangan umumiy soni doirasida Inspeksiya tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
Inspeksiyaga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi. Inspeksiya Davlat byudjeti mablag‘lari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi. Inspeksiya Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Turkqo‘rg‘on ko‘chasi, 26-uy manzili bo‘yicha joylashtiriladi.
Inspeksiya xodimlariga o‘z vazifalarini bajarishda quyidagi huquqlar beriladi:
• Inspeksiya nazoratidagi suv xo‘jaligi ob’ektlarida inspektorlik tekshiruvlarini o‘tkazish;
• xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlariga moneliksiz kirish, ularning xavfsizligi va ishonchli ishlashi yuzasidan texnik nazoratni tashkil etish masalalariga, ularning qo‘riqlanishiga doir materiallar bilan tanishish;
• Inspeksiya nazoratidagi suv xo‘jaligi ob’ektlarini texnik soz holatda saqlash va muhofaza qilish, ularning xavfsizligini va ishonchli ishlashini ta’minlash hamda aniqlangan kamchiliklarni, shuningdek ularning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga bajarilishi shart bo‘lgan taqdimnoma hamda ko‘rsatmalar kiritish;
• Inspeksiya nazoratidagi suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari va xavfsizlik talablari uchun mas’ul bo‘lgan rahbar-mutaxassislarning malakasi nazoratini olib borish, ularni yaxshilash bo‘yicha tegishli ravishda yuqori turuvchi idoralarga takliflar kiritish.
Inspeksiya xodimlariga quyidagi miqdorlarda uzoq muddat uzluksiz xizmati uchun har oylik lavozim maoshiga ustama to‘lanadi (rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):
• 2 yildan 5 yilgacha – 0,1;
• 5 yildan 10 yilgacha – 0,2;
• 10 yildan 15 yilgacha – 0,3;
• 15 yildan 20 yilgacha – 0,4;
• 20 yildan 25 yilgacha – 0,5;
• 25 yildan ortiq – 0,6.
Ustamalar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Shuningdek Inspeksiya huzurida FVV, IIV, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Suv xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi va boshqa vakolatli idoralarning rahbariyatidan iborat Suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar kengashi (keyingi o‘rinlarda – Ekspertlar kengashi) faoliyat ko‘rsatadi.
Quyidagilar Ekspertlar kengashining asosiy vazifalari etib belgilandi:
• xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligi bo‘yicha idoralararo samarali hamkorlikni ta’minlash;
• xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsizligi va ularning ishonchli ishlashi bo‘yicha ustuvor masalalarni ko‘rib chiqish;
• xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsiz va ishonchli ishlashi uchun ularni rekonstruksiya qilish va qayta jihozlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar berish;
• xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsizlik deklaratsiyasi ekspertizasi natijalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish.
Ekspertlar kengashining o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qabul qilgan qarorlari barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiyligi belgilab qo‘yildi.
LiveBarchasi