Prezident yana bir 10 yillik konsepsiyani tasdiqladi
Jamiyat
−
11 iyul 2020
14659O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
So‘nggi yillarda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, global iqlim o‘zgarishi, aholi sonining va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sishi, ularning suvga bo‘lgan talabi yil sayin oshib borishi tufayli suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga kuchayib bormoqda.
Foydalanilgan o‘rtacha yillik suv miqdori 51-53 milliard kub metrni, jumladan, 97,2 foizi daryo va soylardan, 1,9 foizi kollektor tarmoqlaridan, 0,9 foizi esa yer ostidan foydalanib, ajratilgan suv olish limitiga nisbatan 20 foizga qisqargan.
Respublikada 2020-2030 yillarda aholini va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini suv bilan barqaror ta’minlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligiga bozor tamoyillari va mexanizmlarini hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, suv xo‘jaligi ob’ektlarining ishonchli ishlashini ta’minlash hamda yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida belgilangan vazifalarni 2020-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
suv resurslarini prognozlashtirish, ularning hisobini yuritish va ma’lumotlar bazasini shakllantirish tizimini takomillashtirish hamda shaffofligini ta’minlash;
suv xo‘jaligi ob’ektlarini (ichimlik va oqova suv tizimidan tashqari) modernizatsiya qilish va rivojlantirish, yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarini boshqarishni raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirish, elektr energiyasi va boshqa resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hamda ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash;
suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini ta’minlash;
suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suvdan foydalanish va suv iste’moli hisobini yuritishda “Smart Water” (“Aqlli suv”) va shu kabi raqamli texnologiyalarni joriy qilish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarining joriy qilinishini yanada kengaytirish va davlat tomonidan rag‘batlantirib borish, ushbu sohaga xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb qilish;
sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini ta’minlash, yerlarning unumdorligini oshirishga ko‘maklashish, tuproqning sho‘rlanish darajasini pasaytirish va uning oldini olish bo‘yicha samarali texnologiyalarni qo‘llash;
suv xo‘jaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillarini, jumladan, suvni yetkazish xarajatlarining bir qismini bosqichma-bosqich suv iste’molchilari tomonidan qoplash tizimini joriy qilish, tushgan mablag‘larni suv xo‘jaligi ob’ektlarini o‘z vaqtida sifatli ta’mirlash-tiklash, raqamli texnologiyalarni joriy qilish hamda samarali boshqarishga yo‘naltirish;
suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik va autsorsingni joriy etish, alohida suv xo‘jaligi ob’ektlarini fermer, klaster va boshqa tashkilotlarga foydalanish uchun berish hamda tejalgan mablag‘larni suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va xodimlar mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirishga yo‘naltirish;
suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish tamoyillarini joriy qilish, aholini suv bilan kafolatli ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlariga suvni barqaror yetkazib berish, suvning sifatini yaxshilash va atrof-muhitning ekologik muvozanatini saqlash;
transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan suv resurslarini birgalikda boshqarishning o‘zaro maqbul mexanizmlarini va suvdan samarali foydalanish dasturlarini ishlab chiqish hamda ilgari surish;
suv xo‘jaligi sohasi uchun malakali kadrlarni tayyorlash, xodimlarning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda ilm-fan yutuqlari va nou-xaularni ishlab chiqarishga joriy qilish.
Konsepsiyani uning ustuvor yo‘nalishlari va tegishli davrga mo‘ljallangan maqsadli parametrlari va ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, har uch yilda tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirish strategiyalari orqali bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilab qo‘yilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Konsepsiyada belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish orqali 2030 yilga qadar quyidagi ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlasin:
• sug‘orish tizimlarining foydali ish koeffitsiyentini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish;
• suv ta’minoti past darajada bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlarini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish;
• sho‘rlangan sug‘oriladigan yer maydonlarini 226 ming gektarga kamaytirish;
• Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi iste’molini 25 foizga kamaytirish;
• barcha irrigatsiya tizimi ob’ektlariga “Smart Water” (“Aqlli suv”) suv o‘lchash va nazorat qilish qurilmalari o‘rnatilib, suv hisobini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy etish;
• 100 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarida suvni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish;
• qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish;
• suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 50 ta loyihani amalga oshirish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi:
a) bir oy muddatda mazkur Farmonda nazarda tutilgan vazifalarning to‘liq va o‘z muddatida bajarilishini ta’minlash maqsadida Suv xo‘jaligi tizimidagi respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarga ajratilgan umumiy cheklangan xodimlar soni doirasida 4 ta shtat birligidan iborat mas’ul boshqarma tashkil etsin hamda xorijiy ekspertlar jalb etilishini ta’minlasin.
Xorijiy ekspertlarni jalb etish vazirlikning byudjetdan tashqari hamda xalqaro moliya institutlarining grant va texnik ko‘mak mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilansin;
b) suv xo‘jaligini rivojlantirish loyihalarini shakllantirishda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan mablag‘ jalb etishda davlat tashqi qarzi uchun o‘rnatiladigan yillik me’yorlar doirasida belgilangan tartibda takliflarni kiritib borsin;
v) xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilingan mablag‘lar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligi bo‘yicha har yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
5. Qishloq xo‘jaligi ekin yerlarini o‘z balansiga olgan klasterlarga ushbu yerlarda joylashgan suv xo‘jaligi ob’ektlarini boshqarish yo‘nalishidagi Suv xo‘jaligi vazirligining funksiyalarini qishloq xo‘jaligi yer egalariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida o‘tkazish to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida amalga oshirilishiga ruxsat berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda Suv xo‘jaligi vazirligi balansida bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga berish bo‘yicha ob’ektlar ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining elektr energiyasi iste’molini bosqichma-bosqich kamaytirish hamda suv xo‘jaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillarini, autsorsing va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish hisobidan tejaladigan mablag‘lar suv inshootlarini modernizatsiya qilish, suv xo‘jaligi tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish va xodimlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirishga yo‘naltiriladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar suv xo‘jaligi tizimidagi rahbar va mutaxassis xodimlarning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin, bunda:
• uzluksiz malaka oshirish jarayonlarini tashkil etish shakllari, tartibi va bosqichlarini, shuningdek, moliyalashtirish manbaini aniq belgilash;
• suv xo‘jaligi rahbar xodimlarini uzluksiz ravishda malakasini oshirib borish va attestatsiyadan o‘tkazish, ularga muntazam ravishda kasbiy o‘zini o‘zi rivojlantirib borish imkoniyatini beruvchi uzluksiz malaka oshirish tizimini amaliyotga joriy etish mezonlari inobatga olinsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga:
• Konsepsiyaning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
• amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida vazirliklar va idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlarining axborotlarini har chorakda Senat, Qonunchilik palatasi va tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashlarining majlislarida eshitib borilishini ta’minlash tavsiya etilsin.
9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmon mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2020 yil 10 iyul
LiveBarchasi