Surxondaryoning katta qismi gazsiz qoldi
Jamiyat
−
28 dekabr 2023
8125Bugun, 28 dekabr kuni Surxondaryo viloyati hududidan o‘tgan “Muzrabot-Dushanbe” magistral gaz quvurida avariya yuz bergani sababli viloyatning ko‘plab tumanlari gaz ta’minotidan uzildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Bandixon tumanining “Polvontosh” mahallasi hududidan o‘tuvchi “Muzrabot-Dushanbe” magistral gaz quvurining 101-190 km oralig‘idagi D-700 mm bo‘lgan magistral gaz quvurida avariya holati yuzaga kelgan. Ta’kidlanishicha, "Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali nosozlikni bartaraf etish va tabiiy gaz ta’minotini tiklash choralarini ko‘rmoqda. Shu munosabat bilan soat 6:30 dan viloyatning quyidagi shahar va tumanlaridagi iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilgan:
- Termiz shahri;
- Bandixon tumani;
- Qiziriq tumani;
- Muzrabot tumani;
- Termiz tumani;
- Jarqo‘rg‘on tumani;
- Angor tumani;
- Sherobod tumani;
- Qumqo‘rg‘on tumani.
“Gaz ta’minoti filiali yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun barcha tabiiy gaz iste’molchilaridan uzr so‘raydi hamda yaqin vaqtlar ichida ta’minotni tiklash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilayotganligini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, avariya holatini bartaraf etish vaqtida haydovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish hamda uzun navbatlar hosil bo‘lishining oldini olish maqsadida Denov, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Oltinsoy, Sho‘rchi va Uzun tumanlaridagi ayrim metan zapravkalar 24 soatlik ish rejimiga o‘tgan.
LiveBarchasi