Surxondaryolik tadbirkorga ham “Do‘stlik” ordeni berildi
Jamiyat
−
08 fevral 4628 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Surxondaryo viloyatida faoliyat olib boruvchi tadbirkor Bahrom Qayumovich Raupov “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bahrom Raupov Termiz shahridagi “Surkhon Sandwich” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi bo‘lib, mukofot unga O‘zbekistonda tadbirkorlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘zining izlanuvchanligi va ishbilarmonligi bilan sohaga ilg‘or tashabbus va innovatsion g‘oyalarni samarali tatbiq etib kelayotgani, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida ko‘pchilikka ibrat va namuna bo‘layotgani, hududda iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, aholi farovonligini yuksaltirishga qo‘shayotgan munosib hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun berilgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 7 fevral kuni xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan Prezident Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ushbu tadbirkor davlat rahbariga ish faoliyati haqida ma’lumot berib, o‘zining kelgusi rejalari haqida aytib bergandi. Prezident esa uning ish faoliyatiga tashakkur aytib, uni mukofotlashini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha yig‘ilishda qoraqalpog‘istonlik Genjimurat Turdimuratov “Do‘stlik” ordeniga loyiq ko‘rilgandi.