Shavkat Mirziyoyev Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktorini ham mukofotladi
Sport
−
26 yanvar 673 2 daqiqa
Bugun, 26 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo Olimpiya kengashi rahbariyati va tashkilot Bosh assambleyasi ishtirokchilarini qabul qildi va Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori, Butunjahon suv sporti federatsiyasi prezidenti Husayn al-Musallamga O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida Osiyo Olimpiya kengashining yangi saylangan prezidenti Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy Shavkat Mirziyoyevga Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Shavkat Mirziyoyev esa O‘zbekistonga xalqaro sport harakatining ishonchli hamkori sifatida yuksak ishonch bildirilib, tashkilot assambleyasini Toshkentda o‘tkazishga qaror qilingani uchun Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktoriga minnatdorlik izhor etgan.
Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekiston xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va amaliy natijalarga erishishga qaratilgan qo‘shma dastur hamda tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorligi qayd etilgan.
Tadbir yakunida Prezident sportni rivojlantirish va sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori, Butunjahon suv sporti federatsiyasi prezidenti Husayn al-Musallamga O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasida ishtirok etib, Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti etib saylangan Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniyga Milliy Olimpiya qo‘mitasi Shon-sharaf ordenini topshirgandi.
Live
Barchasi