Surxondaryodan topilgan tangalar Mirzo Ulug‘bek davriga oidligi tasdiqlandi

Jamiyat

image

Avvalroq Surxondaryoning To‘palang daryosi qirg‘og‘idan “Ulug‘bek xazinasi” topilganligi haqida xabar bergan edik. Mazkur ma’lumot prokuratura organlari tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, 2 mart kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidan oqib o‘tuvchi To‘palang daryosi qirg‘og‘idan mahalliy aholi tomonidan mis tangalar topilgan.

3 mart kuni Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi vakillari tomonidan mahalliy aholidan 512 dona mis tangalar belgilangan tartibda olinib, Termiz shahridagi Arxeologiya muzeyi fondiga topshirilgan.

Prokuratura organlari tomonidan soha vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganish davomida qo‘shimcha ravishda 620 dona mis tanga va 1 dona shaxmat donasi ixtiyoriy ravishda olinib, muzey fondiga topshirilishi ta’minlandi.

Qayd etilishicha, viloyat prokuraturasi, madaniy meros boshqarmasi hamda arxeologiya muzeyi xodimlaridan iborat tarkibda maxsus ekspeditsiya tashkil etilib, hozirda qazishma ishlari olib borilmoqda.

“Birgina, joriy yilning 9 mart kuni ekspeditsiya vakillari tomonidan 4 dona mis tangalar topilgan.

Arxeologik olimlarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, ushbu ashyolar Mirzo Ulug‘bek hukmronligi (XV asr) davrida zarb etilgan pul tangalarining shu kunga qadar topilgan eng katta va yaxshi saqlangan madaniy meros xazinasi hisoblanadi”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Ta’kidlanishicha, hozirda ushbu manzilda qidiruv ishlari davom ettirilyapti va vaziyat Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

tanga

Baholaganlar

155

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing