Surxondaryoda yangi tuman tashkil etiladi

Jamiyat

image

Deputatlar Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanini tashkil etish hamda Qiziriq, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlari hududlari chegarasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. Bu masala O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 17-18 oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq kiritilgan ushbu masala mazkur hududda yagona boshqaruvni yo‘lga qo‘ygan holda, aholi uchun ijtimoiy-maishiy qulayliklar yaratishni nazarda tutadi.

Nazarda tutilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani hududidagi “Bandixon”, “Bektepa”, “Obod turmush”, “Polvontosh”, “Saroy”, “Birdamlik”, “Chinor”, “Paxtakor”, “Navbahor”, “Farovon”, “Bahoriston”, “O‘rg‘ilsoy”, “Gulbog‘”, “Qaldirg‘och”, “Zevar”, “Xo‘jaipok”, “Obod yurt” hamda “Bag‘ri keng” mahalla fuqarolar yig‘inlari, Boysun tumanining “Ko‘lqamish” mahallasi “Kuba” qishlog‘i, “Obikor” hamda Quduqsoy mahalla fuqarolar yig‘inlari, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Davlatsoy” mahallasining “Porloq” va “Xurmazor” qishloqlari, “Navruz” hamda “Bandixon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududlari tashkil etilayotgan Bandixon tumani tarkibiga o‘tkaziladi.

Deputatlarning qayd etishicha, bu o‘zgarishlar hududda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, chorvachilikni rivojlantirishga, aholi bandligini ta’minlashga, Surxondaryo viloyatining dehqonchilik mintaqasi hisoblangan Bandixon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada taraqqiy ettirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shahnoza To‘ramurotova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Surxondaryo Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

42

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing