Surxondaryoda erta nikohni targ‘ib qilgan bloger jazolandi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda “Surxondaryo viloyatida 2008 yilda tug‘ilgan qizning 2 nafar farzandi bor” sarlavhasi ostida videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 21 noyabr kuni blogerlik bilan shug‘ullanuvchi A.Sh. (erkak), J.N. (2003 yilda tug‘ilgan erkak) va S.R. (2005 yilda tug‘ilgan ayol) lar o‘zaro kelishgan holda S.R. va J.N.lar go‘yoki o‘zlarini 15 va 17 yoshdagi voyaga yetmagan ota-ona deb ko‘rsatib videorolikda ishtirok etgan. A.Sh. esa video davomida erta nikoh holatini ijobiy sharhlab, mazkur videoni o‘z Instagram sahifasiga joylagan.

Bolalar ombudsmani so‘roviga ko‘ra, kecha, 25 noyabr kuni erta nikohni targ‘ib qilish mazmunidagi mazkur holat bo‘yicha bloger A.Sh. ning xatti-harakatlariga baho berish maqsadida ish hujjatlari tuman IIB tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudiga yuborilgan.

Sud tomonidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqilib, A.Sh. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2022 moddasi (Yolg‘on axborot tarqatish) 1-qismi bilan javobgarlikka tortilib,  unga nisbatan BHMning 4 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. J.N. va A.Sh. lar esa bunday nomaqbul harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2019 yildan boshlab, erkaklar va ayollar uchun yagona nikoh yoshi 18 yosh etib belgilangan.

“Bu borada Bolalar ombudsmani pozitsiyasi – nikoh yoshida bo‘lmagan, ya’ni voyaga yetmagan shaxs bilan nikohni targ‘ib qilishga qaratilgan har qanday harakatlarni taqiqlovchi maxsus qonun normalari joriy etilishi zarur! Bola manfaatlariga zid bunday holatlarga jamiyatimizda mutlaqo o‘rin yo‘q, ularga batamom barham berish kerak”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil yozda Buxoro viloyatida erta turmush qurgan 16 yoshli kuyov hamda 17 yoshli kelinning ota-onalarini ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan hujjatlar sudga yuborilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo ota-ona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing