Surxondaryoda prokuror 10 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi
Olam
−
01 iyul
15054Surxondaryoda viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori 10 000 AQSH dollari miqdorida pora olayotganida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
29 iyun kuni Surxondaryo viloyati prokuraturasi va Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori “YeRS” MCHJga suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish bilan boliq masalalariga ko‘maklashish evaziga firibgarlik yo‘li bilan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Shu kuni Bosh prokuratura hamda DXX xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa fuqaro U.X. (tadbirkor) “BDK” MCHJ rahbari A.T.ga o‘zining tanishlari J.Sh. (sug‘urta markazi direktori) va Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim katta prokurori orqali Jizzax viloyati ichki ishlar tergov organi ish yurituvidagi jinoyat ishi doirasida ijobiy ekspertiza xulosa olib berishga yordam berish evaziga 105 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
“Tergov davomida yuqorida qayd etilgan prokuratura xodimining harakatlariga huquqiy baho beriladi”, dedi Hayot Shamsutdinov.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Samarqandda sud boshqaruvchisi, Jizzaxda advokatlik byurosi rahbari hamda Buxoroda sud boshqaruvchisi pora bilan ushlangandi.
LiveBarchasi