Surxondaryoda pora olgan maktab direktori 4 yilga “kesildi”

3-sahifa

image

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida o‘qituvchidan 400 dollar pora olgan maktab direktori 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Jarqo‘rg‘on tumani “Bobur” MFYda yashovchi 46 yoshli fuqaro 2022 yildan tumandagi 5-umumta’lim maktabida direktor lavozimida ishlab kelgan. U joriy yilning boshlarida rus tili fani o‘qituvchisiga uning dars soatini qisqartirmoqchiligini aytadi va bunga maktabga yangi o‘qituvchi kelganini sabab sifatida ko‘rsatadi. Shu orqali direktor dars soatlarini qisqartirmaslik uchun o‘qituvchidan 400 dollar talab qiladi va bu haqda turmush o‘rtog‘i va qarindoshlariga aytmaslikni uqtiradi.

Shundan so‘ng pedagog tegishli idoralarga murojaat qiladi. Murojaatga asosan, joriy yilning 1 fevral kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda maktab direktori 400 dollar hisobida 5 mln 200 ming so‘m olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudining 3 apreldagi hukmi bilan maktab direktori Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, 2 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqi cheklangan va 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati Urgut tumanidagi maktab direktori giyohvandlik moddalarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgani uchun 10 yilga qamalgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo pora maktab direktori Jarqo'rg'on

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing