Surxondaryoda narkotik sotishga uringan afg‘onistonlik ushlandi
3-sahifa
−
09:15 1291 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatida muqaddam narkotik savdosi bilan shug‘ullanishga oid jinoyatlari uchun sudlangan 3 nafar shaxsdan jami 2,5 kg, shuningdek, afg‘onistonlik shaxs tomonidan mamlakatga olib kirilgan va sotishga urinilgan 0,5 kg giyohvandlik moddalari musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Jumladan, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1980 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u kelgusida sotish maqsadida 1 kg 7 gr “opiy” va 998 gr gashish moddalarini saqlab kelayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Mazkur tumanda kuzatilgan boshqa holatda esa 1986 va 1966 yillarda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan 2 nafar fuqaro 491 gr gashish moddasini shartli xaridorga 85 mln so‘mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bu kabi holat viloyat markazida ham qayd etilib, 2003 yilda tug‘ilgan Afg‘oniston fuqarosi “Termiz xalqaro savdo markazi” hududida 506 gr “opiy” moddasini shartli xaridorga 2500 AQSH dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, u qo‘shni davlatdan giyohvandlik vositasini yashirin tarzda olib kelishda o‘z ichki organidan “jonli konteyner” sifatida foydalangan.
Bildirilishicha, hozirda har uchala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Marhamat tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qariyb 2 kilogramm gashish moddasi musodara qilingandi.
Live
Barchasi