Surxondaryoda maktab direktorini kaltaklagan erkakka sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
12 iyul
11484O‘tgan yili Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning direktori T.U. shu muassasada ishlovchi o‘qituvchining oila a’zolari tomonidan ayovsiz kaltaklangani haqida xabar berilgan edi.
Unga tan jarohati yetkazgan shaxsga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Bildirilishicha, sudlanuvchi Y.M. 2023 yil 31 avgust kuni soat 17:00 da Sariosiyo tumani, Do‘stlik mahallasida joylashgan 28- umumta’lim maktabi binosiga borib, maktab direktori T.U. o‘tirgan metodik o‘quv xonasiga kirib borib, u bilan hech bir sababsiz janjallashib qolgan. Janjal vaqtida xonada turgan stulni qurol sifatida qo‘llab, ushbu stul bilan direktorning bosh qismi va badanining duch kelgan sohalariga bir necha marta qasddan urib, tan jarohati yetkazgan. Erkakni ajratib, bezorilik harakatlarini oldini olmoqchi bo‘lgan shu maktabning o‘qituvchisi I.Q. ning ham boshiga urib, tan jarohati yetkazgan.
Sudlanuvchi Y.M. sudda aybiga iqrorligini bildirib, suddan yengillik so‘ragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan kelganligi sababli 2023 yil 1 sentyabr kuni mahallada yashovchi qariyalarni uyiga chaqirib ehson qilishni rejalashtirgan va shu maqsadda 31 avgust kuni soat 14:00 larda Denov shahrida joylashgan dehqon bozoriga borib kerakli narsalarni xarid qilgan. Bozordan qaytishda maktabga kirib, turmush o‘rtog‘iga dars soati kam ajratilganidan jahli chiqib, direktor xonasiga borgan va dars soati nega kamayganini so‘raganida, o‘qituvchi “qo‘lingda quroling bo‘lsa otib tashla, xotining ishlasa shu, ishlamasa katta ko‘cha, arizasini yozib ketaversin, seni kim kiritdi maktabga, chiqarib yuboringlar buni, suf senga” deya javob bergan. Shundan so‘ng, holat sodir bo‘lgan.
Sud sudlanuvchi Y.M.ni Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, uni 3 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Surxondaryoda YPX xodimini haqorat qilgan aka-uka 10 sutkaga qamalgandi.