Surxondaryoda kavrakni noqonuniy kesish orqali 6 mlrd so‘mga yaqin zarar yetkazildi
Jamiyat
−
05 Oktabr 2023
6273O‘zbekistonda 2023 yilning 9 oyida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2427 ta huquqbuzarlik holati qayd etilgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
“Joriy yilning o‘tgan davrida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2 427 ta huquqbuzarlik qayd etilib, shundan 714 tup qimmatbaho daraxtlar noqonuniy kesilishiga yo‘l qo‘yilgan”, deyiladi taqdim etilgan ma’lumotda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan o‘simliklar rejasiz va nazoratsiz yig‘ib olinishi natijasida tabiiy zaxiralar va populyatsiyalarining o‘sish maydonlari qisqarishi kuzatilmoqda.
Masalan, Surxondaryo viloyati “Bobotog‘” davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida iyul-sentyabr oylarida 11 550 tup tabiiy holda o‘suvchi tojik kavragi dorivor o‘simligi noqonuniy kesilib, tabiatga 5,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, o‘rmon fondi yer uchastkalarini qonunchilik hujjatlari talablariga zid ravishda ijaraga berish holatlari aniqlanib, 18 ta jinoyat, 46 ta ma’muriy va 23 ta intizomiy ishlar qo‘zg‘atildi hamda noqonuniy egallangan 1539 gektar yerlar o‘rmon fondi hisobiga qaytarildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kavrak o‘simligi eksporti yo‘lga qo‘yilgan edi.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi