Surxondaryoda ikkita yuk mashinasi to‘qnashib yonib ketdi
3-sahifa
−
25 iyun 2022
7620Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 23 iyun kuni Isuzu va KAMAZ rusumidagi yuk mashinalari maxsus reyd davomida YPX xodimlaridan qochib to‘qnashib, ikkalasi ham yonib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Surxondaryo viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi holatga munosabat bildirdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, shu kuni soat taxminan 15:30 larda Jarqo‘rg‘on tumani Mehnatobod mahallasida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Isuzu rusumli avtomashinasi bilan Qiziriq tumani Bog‘iston mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R 103 avtomobil yo‘lining 29-kilometrida Sherobod-Jarqo‘rg‘on yo‘nalishida harakatlanib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. So‘ng qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan Sherobod tumani Gulchinor mahallasida yashovchi fuqaro boshqaruvida bo‘lgan “KAMAZ 53206” rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashgan.
Oqibatda yuk avtomashinalarida yong‘in chiqib haydovchilari tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Tegishli tartibda har ikkala haydovchi spirtli ichimlik ta’siridan mast bo‘lganlikda gumonlanib, tibbiy tekshiruvga taklif etilganida, 1985 yilda tug‘ilgan Isuzu yuk avtomashinasi haydovchisi narkolog ko‘rigini rad etgan. Hozirda unga nisbatan sudga oid tibbiy va kimyoviy ekspertizalar tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan Qiziriq tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.