Surxondaryoda ikki MIB xodimini kaltaklaganlarga nisbatan jinoyat ishi ochildi
Jamiyat
−
05 iyul 2019
5445Avvalroq, Surxondaryoda qarzdor oilaning uyiga kirib elektrni uzmoqchi bo‘lgan MIB xodimi kaltaklangani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Majburiy ijro byurosi Surxondaryoda bo‘lgan voqea bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
MIB Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, videosi tarqalgan voqea Surxondaryoning Sherobod tumanida yuz bergan. Byuroning Sherobod tuman bo‘limi davlat inspektorlari A. Eshonqulov, S. Fozilov va P. Taylanovlar birgalikda joriy yilning 29 iyun kuni soat taxminan 11:05 larda tumandagi “G‘o‘rin-Gilambob” mahallasi “Do‘stlik” ko‘chasi 112-uyda yashovchi B. Normurodovning yashash xonadonida iste’mol qilingan elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorligini aniqlash yuzasidan ko‘rik (obxod) o‘tkazayotgan. O‘sha vaqtda xonadon egasining farzandlari E. Berdimurodov, U. Normurodov va L. Normurodovlar birgalikda xizmat vazifasini bajarayotgan bo‘lim davlat inspektorlarining qonuniy harakatiga faol qarshilik qilib, davlat inspektorlari A. Eshonqulov va P. Taylanovlarning duch kelgan joylariga urib, tan jarohati yetkazib, xizmat faoliyatini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan.
Hodisa joyiga tuman prokurori S. N. Maxmanov, tuman prokuraturasi tergovchisi X. Azimov, tuman IIB boshlig‘i M. Qo‘ng‘irotov, tuman IIB EKG eksperti X. Xudoyorov va boshqa tergov tezkor guruhi a’zolari chiqishgan.
Tuman sud-tibbiyot ekspertizasining joriy yil 3 iyulidagi 334-sonli xulosasiga ko‘ra, davlat inspektori A. Eshonqulovga “Sog‘likning buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati” va 335-sonli xulosasiga ko‘ra, davlat inspektori P. Taylanovga “Yengil” tan jarohati yetkazilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan joriy yil 3 iyulda tuman prokuraturasi tomonidan fuqarolar E. Berdimurodov va L. Normurodovlarga nisbatan JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi