Surxondaryoda “Gazel” poyezd tagida qoldi
Olam
−
29 Sentabr
9539Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida temiryo‘l kesishmasida “Gazel” rusumli kichik yuk mashinasi va poyezd ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat kecha, 28 sentyabr kuni soat 16:40 da “Termiz- Baqtriya” temiryo‘l bekatlari oralig‘ining 4465-km 7-piketida qo‘riqlanadigan temiryo‘l kesishmasiga poyezd yaqinlashayotganligi sababli avtotransport vositalarining harakati cheklangan vaqtda sodir bo‘lgan. 1994 yilda tug‘ilgan haydovchi “Gazel” avtomobilida qoidalarni buzgan holda harakatlangan va temir to‘siqqa urilib avtomobil ag‘darilgan.
Hodisa oqibatida elektrovoz tortib ketayotgan “Termiz-Darband” shaharlararo qatnovchi yo‘lovchi poyezdi to‘xtab qolgan. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida yo‘lovchi poyezdi shu kuni soat 17:25 da harakatni davom ettirgan.
Viloyat YHXB xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Mas’ullar tomonidan holat bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida temiryo‘lni kesib o‘tayotgan “Jiguli”ni poyezd urib yuborgandi. O‘shanda 6376-sonli “Termiz-Sariosiyo” shaharlararo qatnovchi yo‘lovchi poyezdi “Qumqo‘rg‘on-Elbayan” temiryo‘l bekatlari oralig‘ida ketayotgan vaqtida temiryo‘lning qo‘riqlanmaydigan qismini kesib o‘tayotgan avtomashinani urib yuborgan.
LiveBarchasi