Surxondaryoda attraksionning o‘rindig‘i sinib, qulab tushdi. Jarohatlanganlar bor
Jamiyat
−
17 aprel
5790Kecha, 16 aprel kuni Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi istirohat bog‘ida attraksion trosi uzilib ketishi oqibatida 4 kishi jarohatlandi. Bu haqda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Termiz shahri "Tuproqqo‘rg‘on" MFY Hakim At-Termiziy ko‘chasi yoqasida joylashgan “TERMIZ AVENUE PARK" MCHJga qarashli “BOLAJON” nomli madaniyat va istirohat bog‘ida o‘rnatilgan "Quvnoq tepalik" attraksionida 4 kishilik o‘rindiq yerga qulashi oqibatida fuqarolar turli xil tan-jarohati olgan.
O‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 18 aprelda ro‘yxatga olingan amaldagi “Attraksionlardan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish qoidalari" buzilishi holatlari aniqlangan. Jumladan:
- ushbu bog‘dagi mazkur attraksion mavsum oldidan to‘liq texnik shahodat sinovlaridan o‘tkazilmagan (qoidaning 4-bob, 28-bandi);
- attraksionni tayyorlash va uni texnik tekshiruvdan o‘tkazish uchun taqdim etish attraksionlarning soz holati va ulardan xavfsiz foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tayinlanmagan (qoidaning 4-bob, 31-bandi);
- attraksionning mavsumga tayyorligi to‘g‘risida dalolatnoma tuzilmagan (qoidaning 4-bob, 34-bandi);
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 5 oktyabrdagi 566-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Yagona nizomning 32-ilovasi, 8-bandi b-kichik bandi madaniyat va istirohat bog‘larida, shuningdek, boshqa ko‘ngilochar maskanlarda o‘rnatiladigan va foydalaniladigan attraksionlardan foydalanish bo‘yicha – attraksiondan foydalanish uchun ruxsatnoma olmasdan undan foydalanilgan.
“Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish yoki rad etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish uchun Istirohat bog‘lari attraksionlarni nazorat qilish bo‘limi tomonidan ob’ektlar joyiga chiqib o‘rganiladi”, deyiladi munosabatda.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, jarohatlanganlar 11 va 15 yoshli qizlar hamda 27 va 29 yoshli ayollar bo‘lgan. Ulardan ikki nafari Qozog‘iston fuqarolari bo‘lgan. Jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filialiga yotqizilgan.
Rayhona Ulkanbayeva
LiveBarchasi