Surxondaryoda 3 yoshli o‘g‘lini o‘ldirib, ariqqa tashlab ketgan erkakka hukm o‘qildi
3-sahifa
−
12 avgust 2023
11414Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida 3 yoshli o‘g‘lini o‘ldirib, tashlandiq ariqqa tashlab ketgan erkakka sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Sherobod tumanining “Nurtepa” mahallasida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan erkak 2018 yilning dekabr oyida o‘zidan ikki yosh kichik qiz bilan turmush qurgan hamda ular 2021 yilda o‘g‘il farzandli bo‘lgan. Oilaviy kelishmovchiliklar sababli 2022 yilning fevral oyida ayoli o‘g‘li bilan otasining uyiga ketib qolgan.
“8 oy o‘tgach alimentga berdim. Aliment chiqqan kundan boshlab, meni olib ketishga kela boshladi. Bir-ikki marta kelganidan so‘ng uydagilar jo‘natishmadi”, deydi ayoli.
Oradan bir yil o‘tib, aliment to‘lashdan talvasaga tushgan erkak farzandi o‘ziniki ekanligidan gumon qila boshlagan. Natijada joriy yilning 16 fevral kuni soat 18:00 atrofida spirtli ichimlik ta’sirida qaynotasining uyiga borgan. Uning yo‘qligidan foydalanib, ayoli va o‘g‘lini o‘z uyiga olib kelgan.
So‘ngra 3 yoshli o‘g‘lini qasddan o‘ldirib, jasadini tashlandiq ariqqa tashlab ketgan.
Mazkur sud ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Sherobod tuman sudida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, unda sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v” bandi bilan 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda 22 yoshli yigit xotini va 5 yashar bolasini o‘ldirib, yoqib yuborgan edi. Mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, yigit Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismi va 134-moddasi bilan aybli deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
LiveBarchasi