Surxondaryoda 3,5 ming yillik qabriston topildi

Jamiyat

image

Surxondaryodagi Ozod yodgorligida miloddan avvalgi 1700–1500-yillarga oid Sopolli madaniyatiga xos qabriston topildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ozod yodgorligi 2023 yilda Surxondaryo havzasining sharqiy qismida o‘tkazilgan dala-qidiruv ishlari davomida aniqlangan. U Sho‘rchi tumanidagi Ozod qishlog‘ining janubi-sharqida, Dalvarzintepa yodgorligidan qariyb 6 kilometr janubi-sharqida joylashgan.

Maydoni taxminan 200×100 metr bo‘lgan yodgorlik hududida 100 ga yaqin qabr mavjudligi aniqlangan. Joriy yilning 15 avgustidan boshlab yodgorlikning janubi-g‘arbiy qismidagi 10 dan ortiq qabrda arxeologik qazuv-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, qabrlardagi tuzilish va ulardan aniqlangan arxeologik ashyolar Sopolli madaniyati yodgorliklariga xos. Radiokarbon (¹⁴C) tahlillari hamda topilmalarning qiyosiy-tipologik o‘rganilishi yodgorlikni miloddan avvalgi 1700–1500-yillarga taalluqli ekanini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, Ozod yodgorligi Surxondaryo havzasida aniqlangan eng qadimgi qabristonlardan biri hisoblanadi. Shu bois u mintaqada qadimgi dafn an’analarining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini o‘rganishda muhim ilmiy ahamiyatga ega. Ayni paytda yodgorlikda arxeologik dala-qazuv tadqiqotlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Boburtepa arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida qadimiy bino qoldiqlari va noyob devoriy surat namunasi topilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing