Surxondaryoda hokim yordamchisi fuqarolarni 132 mln so‘mga chuv tushirdi
3-sahifa
−
14 noyabr 2023
8940Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokim yordamchisi fuqarolarning nomiga 132 million so‘m kredit olib, ishlatib yuborgani aniqlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qumqo‘rg‘on tumani “To‘da” MFYda hokim yordamchisi lavozimida 2022 yilning 11 yanvaridan buyon ishlab kelgan U.T. bir vaqtning o‘zida tadbirkorlik faoliyati bilan ham shug‘ullangan.
U 2022 yil 29 martda o‘zi ta’sischiligida tashkil etgan ”Volunteer Team” MCHJni 2023 yil 20 sentyabrga qadar boshqarib, ta’minotchi sifatida fuqaro M.E. va boshqalarning ishonchiga kirgan va ularning elektron imzolarini qo‘lga kiritgan.
So‘ng esa fuqarolarning nomiga issiqxona faoliyati tashkil etish uchun 4 marotaba 33 million so‘mdan jami 132 million so‘m kredit ajratilishiga erishgan. Pullarni esa o‘zi rahbarlik qilayotgan jamiyat hisobiga tushirib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan 2023 yil 9 oktyabrda Qumqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan ”Volunteer Team” MCHJ rahbari U.T. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “b,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Qumqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan olib borilmoqda. Tergov harakatlarining borishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Samarqand viloyatida hokim yordamchisi 1500 AQSH dollari miqdoridagi porani olayotgan vaqtda qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi