Suriyadagi Rossiya aviabazasiga dron hujum qilgani aytilmoqda

Olam

image

Bugun, 18 fevralga o‘tar kechasi Rossiya Aerokosmik kuchlari aviaguruhi joylashgan Suriyadagi Xmeymim aviabazasiga uchuvchisiz samolyotlar tomonidan hujum qilindi. Bu haqda ilk bor Iroq shia guruhlari bilan aloqador bo‘lgan “Sabereen News” Telegram-kanali xabar berdi.

Kremlparast “urush muxbiri” Oleg Bloxinning so‘zlariga ko‘ra, Moskva vaqti bilan soat 2:30 da Rossiya harbiy bazasida “quruqlikdagi dushman hujumi” deb belgilangan jangovar ogohlantirish e’lon qilingan.

“Pansir (Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi) deyarli darhol ishlay boshladi. Otishma va portlashlar eshitildi", deb yozgan Bloxin.

U “otishma” bir soatga yaqin davom etganini, ammo uning natijalari haqida batafsil ma’lumot berilmaganini ta’kidlagan.

“Ushbu voqea Suriyadagi bazalarimiz normal faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmasligini yana bir bor isbotladi”, deya ta’kidladi “urush muxbiri”.

Uning iddaosicha, “provokatsiya” ortida hukmdor Bashar Asad rejimini ag‘darib, mamlakatda hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi turgan bo‘lishi mumkin.

Suriya Mudofaa vaziri: Rossiya Damashqqa foyda keltirsa, bazalarini saqlab qoladi

Suriya Mudofaa vaziri Murhaf Abu Kasra 6 fevral kuni “The Washington Post” gazetasiga bergan intervyusida Damashq manfaatlariga xizmat qiladigan kelishuvga erishilsa, Suriya Rossiyaga O‘rtayer dengizi sohilidagi – Tartus va Xmeymimdagi harbiy bazalarini saqlab qolish imkoniyatini berishga tayyor ekanini aytdi.

“Agar bundan biz Suriyaga naf ko‘rsak, ha. 2024 yil dekabrida Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng Rossiyaning Suriyaning yangi hokimiyatiga munosabati “sezilarli darajada yaxshilandi”, deb javob berdi u jurnalistlarning bu boradagi savoliga. 


Putin Suriya prezidenti bilan telefon orqali gaplashdi

Kreml saytida 12 fevral kuni xabar qilinganidek, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan telefon orqali muloqot qildi.

Aytilishicha, ular “Suriyadagi mavjud vaziyat bo‘yicha jiddiy fikr almashgan”, Vladimir Putin “Suriya davlatining birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini” bildirgan va Moskva mamlakatdagi “ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga ko‘maklashish” va uning aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Suhbat chog‘ida Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalarini saqlab qolish masalasi muhokama qilingani haqida xabar berilmagan.

Ikki kundan so‘ng, Suriya poytaxti Damashqdagi aeroportga yuzlab milliard Suriya funt sterlingini olib ketayotgan samolyot qo‘ndi. “Reuters” xabariga ko‘ra, u Bashar Asad hukmronligi davrida Suriya uchun pul bosgan Rossiyadan kelgan.

Avvalroq “Bloomberg” manbalari Rossiya Suriyaning yangi rasmiylari bilan harbiy kontingentning bir qismini mamlakatda saqlab qolish bo‘yicha kelishuvga yaqin turgani haqida xabar bergan edi. Agentlik manbalariga ko‘ra, harbiy mavjudlik evaziga Moskva Suriyaning yangi rasmiylariga mamlakat sharqida faol bo‘lgan ISHID terrorchilik guruhiga qarshi kurashda yordam berishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Suriya Xmeymim aviabazasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing