Suriyada qabilalar o‘rtasidagi to‘qnashuvda 37 kishi halok bo‘ldi (video)

Olam

image

Suriya janubidagi asosan druzlar yashaydigan Suvayda shahrida ko‘chmanchi badaviy qabilalari bilan mahalliy qurolli guruhlar o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar kamida 37 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda kecha, 13 iyul kuni Suriya inson huquqlari bo‘yicha kuzatuv kengashi (SOHR) ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu hodisa shu yil aprel-may oylaridan beri mintaqada kuzatilgan eng yirik zo‘ravonlik to‘lqini hisoblanadi. O‘shanda ham druzlar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. SOHR ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 27 nafari druzlar, jumladan, ikki nafar bola, yana 10 nafari esa badaviylar hisoblanadi. Shiddatli janglar sababli Damashq-Suvayda avtomagistrali yopilgan.

Suriya Ichki ishlar vazirligi rasmiy bayonotda 30 dan ortiq o‘lganlar va 100 ga yaqin yaradorlar borligi haqida ma’lum qilgan va Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda qo‘shinlar safarbar etilganini bildirgan. Vazirlikka ko‘ra, bu kuchlar mojaro hududiga “bevosita aralashib, to‘qnashuvlarga barham berish, tartib o‘rnatish, aybdorlarni jazoga tortish va sudga topshirish” uchun yuborilgan.

SANA davlat axborot agentligining xabariga ko‘ra, Daraa va Suvayda viloyatlari o‘rtasidagi ma’muriy chegaraga xavfsizlik kuchlari joylashtirilgan. Suvayda gubernatori Mustafo al-Bakur aholiga “sabr-toqatli bo‘lish va milliy islohot chaqiriqlariga javob berishga” da’vat qilgan.

Bir qator druz diniy arboblari ham aholini tinchlikka chaqirgan va Damashq hukumatidan vaziyatga aralashishni so‘ragan. Kuchaygan zo‘ravonlik sababli Suriya Ta’lim vazirligi 14 iyul kuni Suvaydada o‘tkazilishi rejalashtirilgan maktab bitiruv imtihonlarini noma’lum muddatga kechiktirgan.

Badaviylar va druzlar o‘rtasidagi mojaro

Suvayda viloyatida badaviylar va druzlar o‘rtasidagi ziddiyatlar uzoq yillardan beri davom etib keladi. Ayrim paytlarda bu kelishmovchiliklar ochiq zo‘ravonlikka aylanadi. Ichki ishlar vazirligi joriy to‘qnashuvlarni “avvalgi yillarda to‘plangan ziddiyatlar fonida mahalliy qurolli guruhlar va qabila a’zolari o‘rtasidagi afsuslanarli mojaro” deb baholagan.

Suriyada Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng mamlakatda yangi kuchlar hukmron bo‘la boshladi, ammo hali ularning to‘liq tartibni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lmagani fonida etnik ozchiliklar, xususan, druzlar huquqlari va xavfsizligi borasida xavotirlar yuzaga kelgan.

Ma’lumot uchun, druzlar o‘ziga xos arab tilida so‘zlashuvchi etno-konfessiyaviy guruh bo‘lib, ularning vakillari Suriya, Livan, Isroil va Iordaniyada yashaydi. Suriyada 700 ming druz istiqomat qiladi, bu ularni kurdlar va alaviylardan keyin mamlakatdagi uchinchi yirik diniy va etnik ozchilik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, aprel-may oylarida druzlar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ham o‘nlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgandi. Shundan so‘ng mahalliy qabila yetakchilari va diniy arboblar tinchlikni saqlash, druzlarni hukumat tuzilmalariga integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

qurolli to'qnashuv druzlar badaviylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing