Suriyada druzlar va badaviylar o‘rtasida shiddatli janglar qayta boshlandi

Olam

image

Suriya janubida druz guruhlari va badaviy qabilalar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar yana avj oldi. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib, “Anadolu” xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, nufuzli druzlar yetakchisi Hikmat al-Hijriy tarafdorlari Suriya hukumat qo‘shinlarini olib chiqib ketish bo‘yicha ilgari tuzilgan kelishuvga qarshi chiqqani va badaviylarni o‘zlari bosib olgan hududlardan majburan chiqarib yuborish choralarini ko‘rganidan so‘ng keskinlik qayta boshlangan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyaning boshqa viloyatlaridan kelgan arab qabilalarining yuzlab qurollangan jangarilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan badaviy bo‘linmalari kecha, 17 iyul kuni kechqurun qarshi hujumga o‘tib, Hijriy guruhidan bir qancha aholi punktlarini qaytarib olgan va Suvayda shahrining g‘arbiy chekkasiga yo‘l olgan.

Druzlar qo‘shinlari shahar chetidan chekinib, mudofaasini shaharning markaziy qismida jamlagan. G‘arbiy kirish joyi hududida tomonlar o‘rtasida otishma davom etmoqda.

Suriya xavfsizlik kuchlari janglarga bevosita aralashmayapti, faqat Suvaydaga olib boruvchi yo‘llarda tekshiruv o‘tkazish bilan cheklanmoqda.

Mojaroning kuchayishi va Isroilning zarbalari

Badaviy qabilalari va druzlar o‘rtasidagi ochiq to‘qnashuvlar 13 iyulda boshlangan va tezda keng ko‘lamli janglarga aylangan. Hududga hukumat kuchlari yuborilgan, ammo druz tuzilmalarining hujumlari oqibatida o‘nlab askar halok bo‘ldi. Vaziyat avj olgan paytda qisqa muddatli otashkesimga erishildi, biroq u tez orada buzildi.

Shundan so‘ng Isroil Suriya hukumati nishonlariga qator zarbalar berdi. 16 iyul kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Damashqdagi Prezident saroyi, Bosh shtab va Mudofaa vazirligiga hujum qildi. Shu kuni mahalliy guruhlar vositachiligida Suvaydada yana sulhga erishildi, biroq bunga parallel ravishda Isroil aviatsiyasi poytaxt va Daraa shahriga zarbalar berdi.

Mahalliy manbalarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Suvaydadagi janglar, shuningdek, Isroil zarbalari natijasida yuzlab odamlar halok bo‘lgan. Qurbonlarning aniq soni hozircha noma’lum.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya druzlar badaviylar Suvayda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing