Suriyada bomba portlashida 15 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
03 fevral
4641Bugun, 3 fevral kuni Suriya shimolida joylashgan Halab viloyatidagi Manbij shahri yaqinida qishloq xo‘jaligi ishchilarini olib ketayotgan avtomobil portlab ketdi, oqibatda 15 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda SANA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, portlashning asosiy sababi ishchilarni olib ketayotgan avtomobil oldidagi boshqa bir mashinaning portlashidir. Undan chiqqan alanga esa ikkinchi mashinaga o‘tgan va u ham portlab ketgan.
“Qishloq xo‘jaligi ishchilarini olib ketayotgan mashina yonida bomba o‘rnatilgan mashinaning portlashi oqibatida o‘n to‘rt ayol va bir erkak halok bo‘ldi, yana 15 nafar ayol jarohatlandi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, nashr bu hodisa so‘nggi bir necha kun ichida Manbijda ikkinchi bor sodir bo‘lgani haqida yozadi. Qayd etilishicha, 1 yanvar kuni shahar markazida bomba o‘rnatilgan avtomobilning portlashi oqibatida to‘rt nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. Yana to‘qqiz kishi, jumladan, bolalar jarohatlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonning Panjob viloyati Multan shahrida suyultirilgan gaz tashuvchi tankerning portlashi oqibatida olti kishi halok bo‘lgandi va 33 kishi jarohat olgandi.