Suriyada ayrim fuqarolar 2024 yil oxirigacha soliqdan ozod qilindi
Olam
−
13 mart 2023 3914 1 daqiqa
Suriyada zilziladan jabr ko‘rgan, uy-joylarini yo‘qotgan shaxslar 2024 yil oxirigacha soliq to‘lashdan ozod qilindi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Bashar Asad farmonida keltirilgan.
Qayd etilishicha, zilziladan uylari, korxonalari va do‘konlari vayron bo‘lgan shaxslardan rekonstruksiya uchun yig‘imlar olinmaydi.
Prezident farmoni tabiiy ofat oqibatida eng katta vayronagarchiliklar qayd etilgan Aleppo, Idlib, Latakiya va Xama shaharlari aholisiga tegishlidir.
Bayonotda ta’kidlanganidek, Suriya rahbarining bu qadamidan maqsad jabrlanganlarga falokatdan keyin kuchlarini qaytarish va hayotlarini yaxshilashga yordam berishdan iborat. Farmon jabrlanuvchilarga 10 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan 80 000 AQSH dollarigacha kredit olish imkonini beradi.
Suriya hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari soni 414 304 kishini tashkil qilgan. Yer silkinishidan so‘ng, 4444 ta bino to‘liq yoki qisman vayron bo‘lgan, 292 ta eskirgan uy buzilgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida 6 fevral kuni (7,7 va 7,6 magnitudali) ikki zilzila sodir bo‘ldi. Yer qimirlashlari va minglab yerosti silkinishlari respublikaning 11 viloyati va qo‘shni mamlakatlarda ham sezilgan bo‘lib, ulardan Suriya eng ko‘p jabr ko‘rgan.
Live
Barchasi