Suriyada Asad rejimi qurbonlarining ommaviy qabri topildi
Olam
−
17 dekabr
7241Suriya poytaxti Damashq yaqinida sobiq prezident Bashar Asad hukumati tomonidan o‘ldirilgan kamida 100 ming kishining jasadi bo‘lgan ommaviy qabr topildi. Bu haqda AQSHda joylashgan Suriya inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti rahbari Muaz Mustafoga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Mustafo Asad Rossiyaga uchib ketganidan so‘ng Suriya tomon yo‘l olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriya havo kuchlarining razvedka bo‘limi o‘limli qiynoqdan keyin jasadlar yig‘ilgan harbiy shifoxonalardan jasadlarni olib, razvedka bo‘limlariga yuborish va so‘ngra ularni ommaviy qabrgacha olib borish bilan shug‘ullangan.
Nashrning yozishicha, Mustafo guruhiga buldozer haydovchilari bilan suhbatlashish nasib etgan. Haydovchilarga ko‘ra, ular ko‘p marta buyruqqa binoan jasadlarni siqib joylashtirishga majbur bo‘lgan va so‘ngra ularni tuproq bilan ko‘mgan.
“100 000 – bu eng konservativ baho”, deydi Mustafo.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Damashqdan 40 km masofada topilgan hudud beshta ommaviy qabrlardan biri. Mustafo, shuningdek, ommaviy qabrlar beshtadan ko‘pligiga ishonch bildirgan va jabrlanganlar orasida suriyaliklar bilan birga AQSH, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar fuqarolari ham bo‘lganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Bashar Asad va uning otasi Xofiz Suriyada sudsiz qatl etish, jumladan, mamlakatning mashhur qamoqxona tizimida odamlarni ommaviy o‘ldirishda ayblanmoqda. Shunga qaramay, Asad bir necha bor o‘z hukumatining inson huquqlarini buzganini inkor etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning “Oq dubulg‘alilar” fuqarolik mudofaasi guruhi va ko‘ngilli jamoatchilik Saydnaya qamoqxonasi binosida g‘oyib bo‘lgan mahbuslarni topish umidida tintuv o‘tkazgandi. “Oq dubulg‘alilar” bayonotiga ko‘ra, Bashar Asad rejimining shafqatsizligi ramziga aylangan Damashq shimolidagi Saydnaya harbiy qamoqxonasidagi barcha mahbuslar ozod etilgan. "Oq dubulg‘alilar" tashkiloti ko‘ngillilari qamoqxona binosini to‘liq tintuv qilib chiqqan.
LiveBarchasi