Suriyada Asad ag‘darilganidan keyingi ilk saylov o‘tkazildi
Olam
−
06 Oktabr 4052 2 daqiqa
Suriya tarixida muhim voqea yuz berdi – kecha, 5 oktyabr kuni mamlakatda sobiq prezident Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyingi birinchi parlament saylovlari o‘tkazildi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Saylovlar bevosita emas, balki mintaqaviy saylov kollegiyalari orqali amalga oshirilgan.
Parlamentga jami 210 deputat kiradi: ularning 140 nafari mintaqaviy komissiyalar orqali saylanadi, qolgan 70 nafari esa muvaqqat prezident Ahmad ash-Shara tomonidan tayinlanadi. Deputatlarning vakolat muddati 30 oy etib belgilangan, zarur bo‘lsa, bu muddat uzaytiriladi.
Uchta viloyatda xavfsizlik sababli saylovlar bo‘lmagan – joriy yil yozda druzlar va badaviylar o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan janubdagi As-Suvayda viloyatida, shimoliy-sharqdagi al-Hasaka va hanuz kurd Suriya demokratik kuchlari nazoratidagi shimoldagi ar-Raqqa viloyatlarining ayrim hududlari. Shu bois 32 deputatlik o‘rni bo‘sh qoladi. Saylovda 1578 nafar nomzod qatnashdi, shundan atigi 14 foizi ayollar. Nomzodlardan sobiq Asad rejimini qo‘llab-quvvatlamaslik va separatizm g‘oyalarini ilgari surmaslik talab qilingan.
Muvaqqat prezident ash-Shara sentyabrda to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovlar hozircha o‘tkazib bo‘lmasligini aytgan – bunga millionlab ichki ko‘chirilgan shaxslar va xorijda yashayotgan, ammo amal qiladigan hujjatlari bo‘lmagan suriyaliklar sonining ko‘pligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Shu bois, hozircha bilvosita saylov tizimi qo‘llanilmoqda. Bunday tartib ayrim suriyaliklar tomonidan keskin tanqid qilingan – ular saylov jarayoni to‘liq nazorat ostida ekani va bu shunchaki tashqi ko‘rinish ekanini ta’kidlamoqda. Shunga qaramay, Qatardagi Arab siyosiy tadqiqotlar markazi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 4000 ga yaqin suriyalikning 57 foizi hozirgi siyosiy vaziyatni ijobiy deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi tarixiy nutqida o‘z mamlakatining o‘tgan avlod zulmidan voz kechayotganini e’lon qilib, Suriyaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarni to‘liq bekor qilishni talab qilgandi.