“Barcha sanksiyalarni olib tashlang”. Suriya rahbari BMT minbarida tarixiy nutq so‘zladi (video)
Olam
−
25 Sentabr 2025 7891 2 daqiqa
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara o‘z mamlakatining o‘tgan avlod zulmidan voz kechayotganini e’lon qilib, Suriyaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarni to‘liq bekor qilishni talab qildi. Bu haqda ash-Shara kecha, 24 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi tarixiy nutqida aytib o‘tdi.
Mamlakat rahbari o‘z so‘zida xalqaro hamjamiyatni mintaqada yangi mojarolar kelib chiqishini oldini olishga chaqirgan.
“Men sizning oldingizga tarixiy poytaxt – Damashqdan keldim, bu madaniyatlar vatanidir, dunyoga sivilizatsiya mazmunini o‘rgatgan yer”, degan Suriya rahbari.
U so‘zlarida Suriya 60 yil mobaynida bosim ostida qolgani, aholining yillar davomida azob-uqubat va yetishmovchiliklarga duch kelgani, o‘z huquqini talab qilib ko‘tarilgan paytda esa o‘lim bilan yuzlashganini qayd etgan.
Mintaqaviy taranglikka e’tibor qaratgan muvaqqat prezident ash-Shara 8 dekabrdan beri Isroil tomonidan Suriyaga nisbatan tahdidlar davom etayotganini ta’kidlab, Isroilni o‘tish davridan foydalanib, mintaqani yangi mojarolarga tortishga urinishda ayblagan. U bunday xatarlar oqibatini hech kim oldindan aytib bera olmasligini bildirgan.
Ash-Shara Suriya muammosini hal qilish yo‘lida muloqot va diplomatiyaga sodiqligini ta’kidlab, boshqalarni ham 1974 yildagi bitimni hurmat qilishga chaqirgan va xalqaro hamjamiyat Suriyani qo‘llab-quvvatlashi kerakligini ta’kidlagan.
U rahbariyat vakolat bo‘shlig‘ini to‘ldirib, milliy dialogni boshlaganini, texnokratlardan iborat hukumat tuzganini, o‘tish davri adolati va yo‘qolganlar masalalari bo‘yicha komissiyalar shakllantirilganini, hamda fuqarolik va harbiy institutlarni barcha qurollar davlat nazoratida bo‘lish tamoyiliga muvofiq qayta tashkil etganini aytgan.
Ash-Shara, shuningdek, Suriyaning “faol diplomatiya” orqali xalqaro aloqalarni tiklaganini va bu oqim natijasida sanksiyalar bosqichma-bosqich yumshatilayotganini qayd etgan.
“Biz sanksiyalarni to‘liq bekor qilishni talab qilamiz, holbuki ular xalqimizni cheklash yoki erkinligini yana bir bor yo‘qotish uchun vosita sifatida ishlatilmasin”, deya o‘z so‘zini yakunlagan Suriya rahbari.
Qayd etish joiz, Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad 2024 yilning dekabrida qariyb 25 yillik boshqaruvdan so‘ng hokimiyatdan ag‘darilgandi. Shundan so‘ng, u Rossiyaga qochib ketdi va 1963 yildan beri hukmronlik qilib kelgan Baas partiyasi rejimi tugadi.
Joriy yilning yanvarida shakllangan ash-Shara boshchiligidagi muvaqqat hukumatning asosiy diqqat markazi siyosiy va iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy birdamlik va xalqaro aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 sentyabr kuni Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen BMT Bosh Assambleyasi doirasida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan muzokaralar o‘tkazgandi.
Live
Barchasi