Suriya jonlanmoqda: Guterrish 17 yil deganda ilk bor mamlakatga bordi

Olam

image

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2009 yildan beri ilk bor Suriyaga tashrif buyurdi. Bu haqda SANA xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 25 iyul kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Damashqqa yetib borgan. Bu 2009 yildan buyon, ya’ni Suriyada fuqarolar urushi boshlanishidan avvalgi davrdan beri amaldagi BMT rahbarining mamlakatga birinchi tashrifi.

“BMT Suriya uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu pallada mamlakat bilan birga. Bu hamjihatlik tashrifidir”, degan Guterrish.

U xalqaro hamjamiyatni Suriya xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun “barcha imkoniyatlarni ishga solishga” chaqirgan.

Suriya davlat axborot agentligining ma’lum qilishicha, Guterrishni Damashqdagi prezident saroyida mamlakat Prezidenti Ahmad ash-Sharaa qabul qilgan.

Tashrif 2024 yil oxirida isyonchilar sobiq prezident Bashar Asad hukumatini ag‘darganidan keyin Suriya uchun yana bir muhim bosqich sifatida baholanmoqda. Bu voqea 2011 yilda boshlangan urushga yakun yasab, mamlakatda o‘tish davrini boshlagan edi.

BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning ma’lum qilishicha, Guterrish tashrif davomida Tashqi ishlar vaziri Asaad ash-Shaybaniy, boshqa hukumat rasmiylari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan ham uchrashadi.

Uning ta’kidlashicha, Guterrish Suriya mojarodan tiklanish bilan birga, barcha suriyaliklar uchun yanada barqaror, inklyuziv va farovon kelajak poydevorini qo‘yish imkoniyatiga ega ekanini qayd etadi.

Ma’lum qilinishicha, BMT rahbari 27 iyul kuni Suriyaning yangi parlamentida nutq so‘zlashi, shuningdek, Isroil va Suriya kuchlari o‘rtasidagi bufer hududda xizmat qilayotgan BMT tinchlikparvar kuchlariga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Suriyaning yangi parlamenti 12 iyul kuni Damashqda ilk yig‘ilishini o‘tkazgandi. Mazkur holat Prezident Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi isyonchilar Bashar Asad hokimiyatini ag‘darganidan 19 oy o‘tib mamlakat siyosiy o‘tish jarayonidagi muhim bosqich deya e’tirof etilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing