Asad hokimiyatidan so‘ng Suriya yangi parlamenti ilk yig‘ilishini o‘tkazdi (video)
Olam
−
13 iyul 2737 2 daqiqa
Suriyaning yangi parlamenti 12 iyul kuni Damashqda ilk yig‘ilishini o‘tkazdi. Mazkur holat Prezident Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi isyonchilar Bashar Asad hokimiyatini ag‘darganidan 19 oy o‘tib mamlakat siyosiy o‘tish jarayonidagi muhim bosqich bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Prezident Ahmad ash-Sharaa parlamentda so‘zga chiqib, deputatlarni “ushbu kengashni mas’uliyat va salohiyat namunasiga aylantirishga” chaqirgan hamda parlamentni “haqiqat va adolat minbari” deb atagan.
“Suriya o‘z qahramonligini aks ettiruvchi sharafli tarixni yozmoqda va biz mamlakat hamda insonni barpo etish mas’uliyatiga egamiz”, degan u.
Yangi parlament Ash-Sharaaning o‘nlab yillar davomida Asadlar oilasi politsiyaviy davlat sifatida boshqargan Suriyada inklyuziv siyosiy tizim barpo etish haqidagi va’dasining sinovi sifatida baholanmoqda. Ilgarigi parlament esa hokimiyat qarorlarini rasman tasdiqlovchi organ sifatida ko‘rilgan.
Mamlakatning o‘tish davri boshqaruv tizimiga ko‘ra, 210 o‘rinli parlamentning uchdan ikki qismi o‘tgan yili hududiy saylov kollegiyalari tomonidan shakllantirilgan. Qolgan uchdan bir qismini esa Ash-Sharaa 1 iyul kuni tayinlagan.
Rasmiylar bu tizimni yillar davom etgan urush millionlab odamlarni ko‘chishga majbur qilgani, aholi va saylovchilar haqidagi aniq ma’lumotlar mavjud emasligi bilan izohlagan. Tanqidchilar esa mazkur tartib ijro hokimiyatiga deputatlarni tanlash jarayoni ustidan juda katta nazorat berganini aytmoqda. Ash-Sharaa infratuzilma tiklanib, hujjatlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilganidan keyin umumiy saylovlar o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Qayd etilishicha, parlament qonunlarni taklif qilish va qabul qilish huquqiga ega. Uning vakolat muddati 30 oy bo‘lib, uzaytirilishi mumkin. Doimiy konstitutsiya qabul qilinib, saylovlar o‘tkazilguniga qadar qonun chiqaruvchi hokimiyat vazifasini bajaradi. Konstitutsiyaviy deklaratsiyani tayyorlagan qo‘mita a’zosi Abdul Halim al-Avak 99 ovoz bilan parlament spikeri etib saylangan. Ash-Sharaaning aytishicha, parlament yangi konstitutsiya loyihasini ishlab chiquvchi qo‘mitani shakllantirish vazifasini ham bajaradi.
Manbaga ko‘ra, parlament tarkibida 21 nafar ayol deputat bor. Ularning 15 nafari Ash-Sharaa tomonidan tayinlangan deputatlar hisoblanadi. Rasmiylar etnik va diniy ozchilik vakillari nechta o‘rin olgani haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilmagan. Norasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan yili saylangan deputatlar orasida 10 o‘rin kurdlar, nasroniylar va alaviylar kabi etnik va diniy ozchilik vakillariga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham 6 iyul kuni Suriyaga tashrif buyurgan edi. Bu 2024 yilda Prezident Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi isyonchilar Bashar Asad hokimiyatini ag‘darganidan buyon Yevropa Ittifoqi davlat rahbarining Damashqqa ilk tashrifi bo‘lgandi.
Live
Barchasi