Suriya Rossiyadan voz kechib, Tartus portini BAAga topshirdi
Olam
−
16 may 9166 2 daqiqa
Suriyaning yangi hukumati Tartus portini rivojlantirish bo‘yicha Rossiya bilan avval tuzilgan shartnomani bekor qilib, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubai Ports World (DP World) kompaniyasi bilan 800 million dollarlik yangi kelishuvni imzoladi. Bu haqda SANA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Suriya 2019 yilda port infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha Rossiyaning “Stroytransgaz” kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan edi. Loyihaga ko‘ra, kompaniya 500 million dollarlik sarmoya kiritishi kerak bo‘lgan. Biroq, 2025 yilning boshida Suriyada yangi hukumatning qarori bilan bu shartnoma rasman bekor qilingan.
BAAga tegishli bo‘lgan DP World kompaniyasi bilan imzolangan memorandumga ko‘ra, endi Tartus portining yuk tashish imkoniyatlari oshiriladi, yangi sanoat hududlari va quruqlikdagi yuk terminali quriladi hamda port xalqaro savdo markaziga aylantiriladi.
Ma’lumot uchun, Tartus portida Rossiyaning harbiy-dengiz kuchlari uchun mo‘ljallangan bazasi joylashgan. 2017 yilda Rossiya va Suriya ushbu bazani 49 yil muddatga bepul foydalanishga kelishib olgan edi.
Yangi siyosiy o‘zgarishlar fonida Rossiyaning harbiy infratuzilmasi bo‘yicha kelishuvlar ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
2024 yilning oxirida Suriya hukumati o‘zgargan va sobiq prezident Bashar Asad mamlakatni tark etgan. Hokimiyatga “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi yetakchiligidagi koalitsiya kelgan. Ular Rossiya bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishni boshlagan va yangi tashqi iqtisodiy yo‘nalishlar izlamoqda. Qolaversa, keyinchalik Bashar Asad kattagina pul bilan Rossiyaga qochgani ma’lum bo‘ldi. Suriyaning yangi rahbari Ahmad ash-Shara Rossiyadan Asadni bir necha marotaba topshirishni so‘ragan, lekin Rossiya hukumati bu taklifni rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Suriyadagi ittifoqchisini yo‘qotganiga qaramay, u yerdagi harbiy bazalarini saqlab qolish niyatidan voz kechgani yo‘qligi, u bunga milliardlab dollar sarflashga tayyorligini bildirgandi.
Live
Barchasi