Suriya Prezidentining hayoti xavf ostidami?
Olam
−
06 mart 6183 2 daqiqa
Turkiya razvedka xizmati Britaniyaning tashqi razvedkasi — “MI6”dan Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Sharani himoya qilishda faolroq ishtirok etishni so‘radi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ushbu murojaat o‘tgan oyda Sharaga qarshi bir qator suiqasd rejalari aniqlanganidan keyin yo‘llangan. Bu esa Suriyadagi xavfsizlik vaziyati hali ham barqaror emasligini ko‘rsatmoqda.
Ahmad ash-Shara 15 oy oldin Bashar Asad hukumati ag‘darilganidan keyin hokimiyatga kelgan edi. G‘arb davlatlari va Turkiya uni mamlakatni yangi fuqarolik urushi yoki mazhablararo to‘qnashuvlardan saqlab qolishi mumkin bo‘lgan asosiy siyosiy figura sifatida ko‘rmoqda.
So‘nggi oylarda ISHID guruhi Suriyada hujumlarini kuchaytirib, Sharani “birinchi raqamli dushman” deb e’lon qilgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Prezident va uning hukumati a’zolariga qarshi kamida beshta suiqasd urinishi bartaraf etilgan.
Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MIT) Suriya xavfsizlik idoralari bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqda va ular o‘rtasida razvedka ma’lumotlari doimiy ravishda almashilmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, MIT uch nafardan iborat terrorchi guruhni fosh etgan va Damashqda rejalashtirilgan portlashning oldi olingan.
Anqara Britaniya razvedkasining ishtirokini kuchaytirish orqali Damashqda muayyan “xalqaro muvozanat” yaratishni ham maqsad qilgan bo‘lishi mumkin. Chunki Turkiya va Isroil razvedka xizmatlari o‘rtasidagi munosabatlar hozircha tarang bo‘lib qolmoqda.
Ayni paytda Britaniya razvedkasi xodimlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri Damashqqa yuborish masalasi hali hal qilinmagan. Ayrim Suriya xavfsizlik manbalari esa bunday qadam juda xavfli bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Damashq 2024 yil 8 dekabrda muxolifat qo‘liga o‘tgach, Suriyada yarim asr davom etgan Asadlar sulolasi davriga chek qo‘yilgan edi.
Live
Barchasi