Suriya “qassobxona”sida mahbuslar qolmadi

Olam

image

Suriyaning “Oq dubulg‘alilar” fuqarolik mudofaasi guruhi va ko‘ngilli jamoatchilik Saydnaya qamoqxonasi binosida g‘oyib bo‘lgan mahbuslarni topish umidida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda SNN xabar berdi.

 “Oq dubulg‘alilar” bayonotiga ko‘ra, bugun, 10 dekabrga o‘tar kechasi  Bashar Asad rejimining shafqatsizligi ramziga aylangan Damashq shimolidagi Saydnaya harbiy qamoqxonasidagi barcha mahbuslar ozod etilgan. "Oq dubulg‘alilar" tashkiloti ko‘ngillilari qamoqxona binosini to‘liq tintuv qilib chiqqan.

“Odamlar mahbuslarni qidirish uchun Saydnaya qamoqxonasining yerto‘lasiga tushib ko‘rdi”, deyiladi xabarda.

Asad rejimi ag‘darilib, isyonchi kuchlar qamoqxonaga bostirib kirganidan so‘ng, bedarak yo‘qolgan mahbuslarning ko‘plab yaqinlari uning yashirin kameralari va maxfiy xonalarida omon qolgan mahbuslar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Qidiruvga beshta guruh, jumladan, politsiya itlaridan iborat ikki guruh va qamoqxona bilan tanish bo‘lgan insayderlar jalb qilingan.

“Barcha kirish, chiqish, ventilyatsiya shaftalari, drenaj tizimlari, suv quvurlari, kabel kanallari va kuzatuv kameralari tekshirildi. Ushbu keng ko‘lamli sa’y-harakatlarga qaramay, hech qanday yashirin yoki taqiqlangan joylar topilmadi”, deyiladi “Oq dubulg‘alilar” bayonotida.

Tashkilot rahbari Raed Salehga ko‘ra, qamoqxonada jami 150 mingga yaqin odam saqlangan. Odamlar bu joyni qattiq qo‘riqlangani, vahshiyliklar sabab “qassobxona” deb atagan. Mahbuslar orasida minglab begunoh fuqarolar ham bo‘lgan. Yo‘qolgan mahbuslarni qidirish davom etmoqda va ko‘plab noma’lum jasadlar Saydnaya qamoqxonasi tashqarisiga olib chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning “Oq dubulg‘alilar” deb nomlanuvchi fuqarolik mudofaasi guruhi mamlakatdagi mashhur Saydnaya qamoqxonasida saqlanib kelgan va omon qolgan odamlarning yashirin yerosti kameralarida saqlanayotgani haqidagi xabarlarni tekshirayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya qassobxona Oq dubulg'alilar Saydnaya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing