Suriya Erondan 300 mlrd dollar talab qilmoqchi – OAV
Olam
−
25 dekabr
9169Suriyaning muvaqqat hukumatiga yaqin manba Eron bilan hech qanday aloqaning mavjud emasligini, shu jumladan, Eronning Damashqdagi elchixonasi va Suriya elchixonasining Tehrondagi ochilishi bo‘yicha diplomatik muzokaralarni rad etib, mamlakatdan Suriyadagi jinoyatlar uchun 300 milliard dollar talab qilinishini bildirgan. Bu haqda “Al Modon” xabar berdi.
Bildirilishicha, ushbu inkor Eron hukumati rasmiy vakili Fotima Mohajerani tomonidan kecha, 24 dekabr kuni berilgan bayonotlarga javoban aytilgan. Mohajeraniga ko‘ra, Suriya muvaqqat hukumati bilan muzokaralar davom etmoqda, shuningdek, ikkala elchixona ochilishi masalasi muhokama qilinmoqda. Biroq manbaning so‘zlariga ko‘ra, Suriya va Eron o‘rtasidagi aloqa “butunlay uzilgan” va Mohajerani tomonidan ilgari surilgan diplomatik muzokaralar haqidagi iddaolar qat’iyan rad etilgan. Manba, shuningdek, kelajakda Eron bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish rejalari yo‘qligini ta’kidlagan, ya’ni Damashqdagi Eron elchixonasining ochilishi haqida hech qanday reja yo‘q.
Bundan tashqari, muvaqqat hukumat xalqaro sudlarga yuboriladigan memorandum tayyorlayapti. Unda Eronning “jinoyat va zulm” siyosati tufayli Suriya xalqiga va infratuzilmasiga yetkazilgan zararni qoplash sifatida 300 milliard dollar miqdorida kompensatsiya talab qilinadi. Bu talab Eronning Bashar Asad rejimi va uning askarlariga harbiy yordam ko‘rsatishi bilan bog‘liq zararlarni qoplashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq noma’lum terrorchilar guruhi Suriya poytaxti Damashqda Eron elchixonasining texnik xodimi mashinasiga kutilmagan hujum uyushtirgan edi. Terrorchilar o‘t ochgan mashina ichida Damashqdagi Eron elchixonasining mahalliy xodimi Dovud Bitafaf bo‘lgan va u hujum oqibatida vafot etgan.
LiveBarchasi