Suriya armiyasi Halabni egalladi
Olam
−
17 fevral 2020
7734Suriya armiyasi "Idlibdagi tong" operatsiyasining navbatdagi bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi. Kecha, 16 fevral kuni bo‘lgan hal qiluvchi jangda hukumat qo‘shini mamlakatning eng yirik shaharlaridan bir bo‘lgan Halab shahrini egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Bundan tashqari, Suriya armiyasi Halab shahrining shimoliy g‘arbida joylashgan Anadan tekisligidagi barcha shaharlarni, shu jumladan Xraytan, Babis va Anadanni ham o‘z nazoratiga oldi.
2012 yildan beri birinchi marta Halab atrofidagi barcha aholi punktlari jangarilardan ozod qilindi. 16 fevral kuni Suriya kuchlari hammasi bo‘lib 28 ta aholi punktini nazorat ostiga oldi. Halab aholisi shahar va uning atroflari butunlay ozod bo‘lishini mamnuniyat bilan kutib oldi. Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tish joizki, hukumatning so‘nggi g‘alabalaridan so‘ng mamlakatni tark etgan suriyaliklar o‘z uylariga asta-sekin qaytmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu oy davomida Suriya armiyasi mamlakatning g‘arbiy qismida o‘z nazoratini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, shu yilning 29 yanvarida Maaret Nuuman shahri ozod qilingan edi. Keyin, 8 fevral kuni Hukumat armiyasi M4 (Latakiya - Halab) va M5 (Damashq - Halab) xalqaro yo‘nalishlarining chorrahasida joylashgan Sarakib shahrini egallashga muvaffaq bo‘ldi. 9 fevral kuni Idlibning sharqidan kelayotgan qo‘shinlar Halabning janubidan kelayotgan qo‘shinlar bilan birlashdi va shu tariqa Suriya armiyasi mamlakatning eng asosiy avtomagistrali bo‘lgan M5 trassasini deyarli to‘liq nazoratga oldi.
Suriyadagi qurolli mojaro 2011 yildan beri davom etmoqda. Hukumat tomonidan 2017 yil oxirida ISHID terrorchilik guruhi ustidan g‘alaba e’lon qilindi. Hozirda muxolifat kuchlari bilan kurashayotgan Suriya armiyasining eng katta vazifasi Turkiya nazorat qilayotgan Idlib shahrini egallashdir.
Nurulloh Sharipov