Surayyo Rahmonova Bosh prokuraturani “yopib” ketdi...mi?

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida ishlab kelgan Otabek Murodovning kursisidan yulib olinishi, unga nisbatan jinoyat ishi ochilishi va Bosh prokuror lavozimini Senat raisi sifatida faoliyat olib borgan Nig‘matilla Yo‘ldoshev egallashi ortidan Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari sifatida maydon markazida turgan Surayyo Rahmonova ham prokuraturani tark etdi. U o‘sha kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Davlat boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘laroq ish boshladi. 

Surayyo Rahmonova oxirgi bir yilda prokuraturadagi ochiqlik va shaffoflik, tezkor axborot  yetkazib, ommaviy axborot vositalari bilan mustahkam aloqa o‘rnatish tizimini Bosh prokuraturadan o‘zi bilan olib ketgandek. Gap shundaki, Rahmonova davrida Bosh prokuratura eshiklari jurnalistlar uchun ochildi. U xoh mahalliy, xoh xalqaro OAV vakili bo‘lsin, prokuratura, xususan Matbuot xizmatiga yo‘llagan har qanday murojaati, savoli javobsiz qoldirilmadi. Rahmonova jurnalistlarning har biri bilan muloqot o‘rnatdi. Kunu tun Telegram’dan shaxsiy yozishmalar orqali jurnalistlarning har biriga alohida ma’lumotlar yubordi. 

Xalqaro OAVda chiqqan axborot yoki mish-mishlar javobsiz qolmadi. Ularga tezkor munosabat bildirildi. 

Rahmonovaning prokuraturadan ketgani birinchi kunlardanoq sezildi. Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 5 iyul kuni Bosh prokuratura Matbuot xizmatiga yangi rahbar tayinlandi. Farg‘ona viloyati prokurorining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha katta yordamchisi sifatida faoliyat yuritib kelgan Hayot Shamsuddinov Bosh prokuraturada faoliyatini boshlaganiga bugun 5 kun to‘ldi. Bu orada QALAMPIR.UZ Shamsuddinov bilan aloqa o‘rnatish, muntazam muloqotda bo‘lish, Rahmonovadan qolgan an’anani davom ettirish maqsadida Bosh prokuraturaga qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakni ko‘targan xodim barcha OAV xodimlarining telefon raqamlari va ma’lumotlari to‘planayotgani, keyinroq, Telegram messenjeri orqali Hayot Shamsuddinov bilan muloqot o‘rnitish mumkin bo‘lishini ma’lum qildi. 

Oradan yana vaqt o‘tdi. Bu orada esa prokuraturaga atalgan savollar qalashib qoldi. Toshkentda jurnalistlardan birining hibslangani haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabarga oydinlik kiritish maqsadida Hayot Shamsuddinovga qo‘ng‘iroq qildik. U jurnalistning hibslangani rostligi, lekin bu haqda ma’lumot berolmasligi, qolaversa, hibslanganini tasdiqlolmasligini ham aytdi. (!)

Shu bugungacha Bosh prokuraturadan qanchadan-qancha masalalar yuzasidan ma’lumot olgan bo‘lsak, hech qanday javob bu qadar mujmal bo‘lmagan. “Go‘yo yozsang yoz, javobini o‘zing berasan”, degandek gapdan dodimizni kimga aytarimizni bilmay qoldik. 

Rahmonovani maqtash, uni ko‘klarga ko‘tarish fikridan yiroqmiz. Shunchaki, uning qilgan mehnatini tan olish ham kerak. U hech qachon savollarni javobsiz qoldirmagan. Holbuki, sukut saqlaydigan, tergov siri bo‘lgan masalalar yuzasidan yuzlab murojaatlar bo‘lgan, lekin ular bo‘yicha javoblar aniq, konkret edi va ortiqcha savollarni keltirib chiqarmasdi. Boisi Rahmonovaning ham hayotiy, ham faoliyatdagi tajribasi OAV bilan muvaffaqiyatli muloqotining katta omili bo‘lgan. 

41 yoshli Rahmonova – yuridik fanlar doktori. Qolaversa, Toshkent davlat yuridik institutida va Bosh prokuraturaning Oliy ta’lim kurslarida dars berib kelgan. Tabiiyki, tinglovchilar, talabalardan turli savollar tushadi. Kishini qiyin vaziyatga soluvchi murojaatlar ham bo‘lgan. Rahmonovaga jurnalistlar bilan muloqotida aynan auditoriyadagi tajribasi as qotgan bo‘lsa ajabmas. 

Ma’luomot o‘rnida, Surayyo Rahmonova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida qisqa vaqt ichida QALAMPIR.UZ`da 50 ga yaqin xabarlar e’lon qilingan. 

Oxiri 5 kunlikda OAVda Hayot Shamsuddinov bergan biror ma’lumot asosida xabar yo maqola e’lon qilinganicha yo‘q. 

Bosh prokuratura ommaviy axborot vositalari bilan munosabatlarni ochiq va shaffof holatda saqlab qolishiga umid qilamiz. 


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura Surayyo Rahmonova Hayot Shamsuddinov

Baholaganlar

166

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing