Superkontraktning 50 foizini to‘laganlar talaba bo‘ladi
Jamiyat
−
08 yanvar 2020
13550Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolar ish faoliyatiga mos bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarining sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat asosida OTMga o‘qishga kirishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida keltirib o‘tilgan.
Hujjatga muvofiq, Hukumatning “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga quyidagicha o‘zgartirishlar kiritiladi:
• Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni ish faoliyatiga mos bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarining sirtqi va kechki ta’lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
• Oliy ta’lim muassasalarining takliflariga muvofiq, ularning imkoniyatlaridan kelib chiqib, Davlat komissiyasi qarori asosida abituriyentlar belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha va oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin.
Oliy ta’lim muassasalari qo‘shimcha qabulni Davlat komissiyasi qarori bilan belgilangan ko‘rsatkichlarga muvofiq to‘plagan ballari Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam bo‘lmagan va tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar orasidan ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshiradi.
Bunda, to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
• to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga bir ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun –1,5 barobar;
• 1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun – 2,0 barobar;
• 2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun – 2,5 barobar;
• 3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun – 3,0 barobar.
Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda ushbu miqdorlar bo‘yicha to‘lov-kontrakt shartlari birinchi o‘quv yili uchun kamida 50 foizi bajarilgandan so‘ng abituriyent oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilinadi.