Sunak xotinini deb tergovga tortildi

Olam

image

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak manfaatlar to‘qnashuvida muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchun parlamentning nazorat organi tomonidan tergovga tortildi. Bu haqda “Independent” nashri xabar berdi. 

Sunak rafiqasi Akshata Murtiga tegishli bo‘lgan bolalar bog‘chasi byudjetdagi siyosat o‘zgarishlaridan foyda ko‘rayotgani aniqlangach, ko‘plab savollar ostida qoldi. Bosh vazir o‘tgan oy parlament qo‘mitasida bolalarga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha islohotlar haqida gapirar ekan, xotinining shu sohadagi manfaatlari haqida lom-mim demagan.

Parlamentning standartlar bo‘yicha komissari esa bugun, 17 aprel kuni Bosh vazir manfaatdorligini e’lon qilmagani sababli tekshirilayotganini aytgan.

Ta’kidlash joizki, oldin ham Akshata Murtining moliyaviy va biznes manfaatlari eriga siyosiy muammo keltirib chiqargan. Yuzlab million funt sterlingga ega merosxo‘r va korxona sarmoyadori bo‘lgan Akshata Murti non-dom maqomidan foydalanib soliqdan qochgani uchun tanqid qilingan. Katta shov-shuvlardan so‘ng Bosh vazirning rafiqasi maqomidan voz kechgan.

Ma’lumot uchun, non-dom soliq holatining tavsifi bo‘lib, bunday statusga ega shaxs faqat Buyuk Britaniyada ishlab topgan puli uchun davlatga soliq to‘laydi, lekin dunyoning boshqa joylarida olgan daromadi uchun Buyuk Britaniyaga soliq to‘lashi shart emas. Bu boylarga mablag‘larini sezilarli darajada va butunlay qonuniy tarzda tejash imkonini taqdim etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Rishi Sunak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing