Sulaymoniyning merosxo‘ri, “Quds”ning yangi qo‘mondoni haqida nimalar ma’lum?
Olam
−
06 yanvar 2020
10331So‘nggi kunlarda dunyo matbuotining birinchi raqamli mavzusi Eron milliy qahramoni – Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) “Quds” maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi bo‘lib turibdi. Masala atrofida yangi-yangi tafsilotlar ortib boryapti.
Eron Qosim Sulaymoniy bilan vidolashdi. Qudratli “Quds” maxsus bo‘linmasida marhum Qosim Sulaymoniy o‘rnini general Ismoil Qooni egalladi. Ho‘sh, Qooni o‘zi kim, u haqda nimalar bilamiz?
“Biz hammamiz – urush farzandlarimiz. Biz jang maydonidagi quroldoshlarmiz va jangda do‘st tutinganmiz”, Qooni Sulaymoniy bilan aloqalarini shunday ifodaladi.
Eron Oliy rahnamosi Oyatullo Ali Homanaiy Qoonini “Quds” bo‘linmasini boshqarish uchun mamlakatdagi generallarning eng munosibi deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qooni boshqaruvida “Quds” Sulaymoniy davridagidek bo‘ladi. Ta’kidlash kerakki, IIPK bevosita Oliy rahbar bilan bog‘langan.
Qooni uzoq vaqt davomida soyada qolgan. G‘arb va Eron OAV u haqda kamdan-kam eslatib turgan.
U 1957 yilda Eron shimoli-sharqidagi Mashhad shahrida tug‘ilgan. Qooni 1979 yilda Eronda shoh hokimiyatini ag‘dargan inqilobdan bir yil o‘tib, IIPK tarkibiga qo‘shilgan. Sulaymoniy kabi u ham Eronda kurdlar harakatini bostirishda qatnashgan.
Undan keyin Eron-Iroq urushida ishtirok etgan. Urushda million kishi halok bo‘lgan, ularning ko‘pi IIPKning yengil qurollangan askarlari bo‘lgan.
“Ko‘ngillilar ularning bari halok bo‘layotganini ko‘rishardi, ammo biz buyruq berganimizda ular olg‘a yurishga ikkilanishmasdi”, deb yodga oladi Qooni.
“U urushda yulduzchalari ko‘paygan qo‘mondonlardan bo‘lgan”, deya urush vaqtida Qooni batalonida xizmat qilgan mashhadlik fuqaroni so‘zlarini keltirdi “Financial Times”.
U urushda omon qolib, tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmagan “Quds” tarkibiga qo‘shilib, Sulaymoniy bilan ishlagan va IIPKning kontrrazvedka operatsiyasiga rahbarlik qilgan.
“Times of Israel” nashrining yozishicha, g‘arb tahlilchilari Sulaymoniy Erondan g‘arbdagi davlatlarga e’tibor qaratgani, Qooni esa sharqdagi Afg‘oniston va Pokiston kabi mamlakatlar bilan mashg‘ul bo‘lganini taxmin qiladi. Ammo Eron davlat matbuoti uning faoliyatini yoritmagan.
Agar rasmiy Tehron o‘zi aytganidek Sulaymoniy o‘limi uchun dahshatli qasos olsa, uni aynan Qooni muvofiqlashtirib boradi, deb yozmoqda “Financial Times”.
Biroq Ismoil Qooni Eronda o‘tmishdoshi Qosim Sulaymoniy kabi katta obro‘ qozona oladimi bunisi hozircha noma’lum. Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Sulaymoniyning o‘rnini to‘ldirib bo‘lmasligini, u nafaqat yirik operatsiyalar o‘tkazishga qodir qo‘mondon, balki siyosatchi va iqtidorli strateg ham bo‘lganini ta’kidladi.
2012 yilda AQSH Moliya vazirligi Qooniga qarshi sanksiya joriy qilgandi. Bunga sabab sifatida, Nigeriyaning Lagos shahrida qo‘lga olingan qurollar eslatib o‘tilgan. O‘shanda eronlik jo‘natuvchi 13 ta dengiz konteynerida shisha va tosh plitalar borligini aytgan.
Ammo konteynerlar hukumat vakillari tomonidan ochilganda “Katyusha” raketalari, avtomat o‘qlari va boshqa qurollar chiqqan.
2012 yilda Qooni AQSHning o‘sha vaqtdagi Davlat kotibi Viktoriya Nulandni Suriyada Eron qo‘shinlarining bo‘lishi ommaviy mojaroning saqlanib qolish manbai ekani haqidagi fikri uchun tanqid qilgandi.
“Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni o‘rinbosari ular Bashar Asad kuchlarini tayyorlab, yordam berayotganidan g‘ururlanishini aytdi. Oqibatini ko‘ring bu nimaga olib keldi”, degan sobiq Davlat kotibi.
2015 yilda Qooni bilvosita Eron Falastin avtonomiyasiga Isroil bilan kurashish uchun qurol yetkazib berayotganini tan olgan.
“AQSH va Isroil Eronning harbiy qudrati bilan bahslashish uchun juda kichiklik qiladi. Bu kuch Falastin avtonomiyasi hamda G‘azo sektorining mazlum xalqi bilan birgalikda raketa va boshqa qurollar ko‘rinishida aks etyapti”, degan Qooni.
LiveBarchasi