Sukunat buzildi: AQSH va Eron kemalari hujumga uchradi (video)

Olam

image

AQSH va Eron javob zarbalarini almashdi. Bu bir oylik nisbiy sukunatdan so‘ng bir hafta oldin harbiy harakatlar qayta boshlanganidan beri amalga oshirilgan navbatdagi hujumlar raundi bo‘ldi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) X ijtimoiy tarmog‘ida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) AQSH harbiylarining ikkita harbiy kemasiga ballistik raketalarni uchirganidan so‘ng Eronning uchta neft tankeriga zarba berilganini ma’lum qildi.

“Amerikaning aviatashuvchi kemasi va boshqariladigan raketalarga ega esminetsi Eron tomonidan amalga oshirilgan ko‘plab sababsiz hujumlardan muvaffaqiyatli omon qolgan. Amerika tomonidan hech kim jabrlanmagan.

Eronning muvaffaqiyatsiz hujumlaridan so‘ng CENTCOM Xarg oroli qirg‘oqlari yaqinidagi IIQKning M/T Downy tankerini va Jask yaqinidagi M/T Stark 1 tankerini butunlay ishdan chiqargan. Amerika kuchlari, shuningdek, Ummon ko‘rfazida yuksiz bo‘lgan M/T Kylo (shuningdek “Noksen” nomi bilan ma’lum) tankerini ekipajga kemani tark etish buyurilganidan so‘ng bir nechta o‘ta muhim joylariga zarba berib, foydalanishga yaroqsiz holga keltirdi va uni butunlay yo‘q qildi”, deyiladi xabarda.

CENTCOM ma’lumotlariga ko‘ra, hujumga uchragan Eron neft tankerlari IIQK va uning mintaqaviy vakillarini (proksi-kuchlarini) moliyalashtiradigan ko‘p milliard dollarlik xufiyona tarmoqning bir qismi hisoblanadi. Eronda ularni himoya qilish uchun vositalar mavjud emasligi ta’kidlanmoqda.

“Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga yo‘llangan murojaat aniq bo‘lsin: agar siz bizning ikkita kemamizga o‘t ochsangiz, biz sizning uchta kemangizni yo‘q qilib, yanada kattaroq iqtisodiy zarar yetkazamiz. Biz Amerika kuchlarini himoya qilishdan ikkilanmaymiz va zarur bo‘lsa, Eronning cheklangan hamda ojiz neft flotini yo‘q qilamiz”, deydi AQSH Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Bred Kuper.

BBC xabar qilishicha, Eron davlat OAVlari zarbalarni tasdiqlagan va Tehron bunga javoban AQSH bilan bog‘liq uchta kemaga, shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozi orqali “ruxsat berilmagan” yo‘nalishda harakatlanayotgan uchta neft tankeriga hujum qilganini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, AQSH hujumlaridan so‘ng “Xatam al-Anbiyo” harbiy qo‘mondonligi markaziy shtabining rasmiy vakili Ibrohim Zolfagari bayonot bilan chiqqan.

“Biz AQSH armiyasini ogohlantiramiz: agar u o‘z yovuzliklarini va Eron kemalarini ta’qib qilishni davom ettirsa, ularni xavf ostiga qo‘ysa hamda Eronning harbiy-deңiz blokadasini davom ettirsa, Eron qurolli kuchlarining Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy kemalariga beradigan zarbalari ilgarigidan ham kuchliroq bo‘ladi”, deydi Zolfagari. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron o‘z kuchiga ishonch his qilayotgani va AQSH razvedkasi baholashiga ko‘ra, yaqin oylarda AQSH bilan nizoni avj oldirishga qaror qilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing