Suiqasddan so‘ng ishga chiqqan Fitso Kiyevga telefon qildi
Olam
−
10 iyul
5878Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso o‘ziga nisbatan uyushtirilgan suiqasddan so‘ng ilk bor hukumat yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda mamlakat Vazirlar Mahkamasi xabar berdi.
Suiqasddan deyarli ikki oy o‘tib hukumatning 42-yig‘ilishi uchun Bratislava shahriga kelgan Fitso qo‘ltiq tayoq bilan majlisda qatnashgan.
“Progressiv va liberal ommaviy axborot vositalari hamda muxolifatga murojaat qilmoqchiman. Omon qolganim uchun afsusdaman, lekin men qaytib keldim”, deya kinoyali post qoldirgan Fitso o‘zining Facebook'dagi sahifasida.
TASR agentligining yozishicha, Fitso Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal bilan ham telefon orqali gaplashib, Rossiyaning yaqinda Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga hujumidan so‘ng Ukrainadagi saraton kasalligiga chalingan bolalarni Slovakiyaga olib kelish va davolashni taklif qilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 may kuni Slovakiya Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng Bosh vazir Robert Fitso tashqarida yig‘ilganlar oldiga chiqqanida, unga qarata o‘q uzilgandi. Oqibatda Bosh vazir yerga yiqilib, uning ko‘krak sohasi va qorin qismiga jarohat yetkazilgandi. Shundan so‘ng, Fitso zudlik bilan shifoxonaga yotqizildi.
Mamlakat Ichki ishlar vazirligi rahbari Matush Shutay-Eshtok esa Fitsoga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgan Yuray Sintula hech qanday radikal guruhga a’zo bo‘lmagani, ammo hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashganini bildirdi. Sintulaning o‘zi hujumni bir necha kundan beri rejalashtirganini tan olgandi. Mamlakat Bosh prokurori Maros Zilinkan Bosh vazirga qilingan suiqasdni terrorchilik hujumi sifatida baholadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Slovakiya Bosh vaziri suiqasddan keyin birinchi marta ko‘rinish bergani xabar qilingandi.