“SUHRAT”mi yo “SHUHRAT”? O‘zbekistonda medal nomini yozishda xato qilib kelingan

Tahlil

image

1994 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni va imzosi bilan mamlakat fuqarolari va xorijiy shaxslarga topshirib kelinayotgan “Shuhrat” medalida ayrim xatoliklar ko‘zga tashlandi. QALAMPIR.UZ’ning aniqlashicha, ushbu medal bilan taqdirlanganlarning ko‘plariga old qismiga lotin alifbosida xato bilan “Suhrat” deb yozilgan medal taqdim etib kelingan. 

Kecha, 28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonlarni imzolagani haqida xabar bergan edik. Unga ko‘ra, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 73 kishi “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. 

“Shuhrat” medali dastlab 0,5 mikron qalinlikda nikel, keyin esa 0,25 mikron qalinlikda tilla qotishma qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va qisman turli rangdagi emal berilgan bo‘ladi.

Medal diametri 34 millimetrli doira shaklida.

Medalning old tomonida ko‘tarilib kelayotgan quyosh nurlari ichida O‘zbekiston iqtisodiy qudratining ramzi bo‘lgan manzara bo‘rtma yo‘sinda tasvirlangan.

QALAMPIR.UZ medaldagi xatolik bilan bog‘liq ma’lumotlarni qidirish asnosida, Qonun chiqarishda yuz bergan yana bir xatolik ustidan chiqdi. 1994 yilning 5 may kuni qabul qilingan “Shuhrat” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida “Medalning quyi qismida oq emal fonida qabariq harflarda “SUHRAT” degan yozuv beriladi. Harflarning balandligi 2 millimetr. Medalning chetlari ikki tomondan bo‘rtma doira bilan hoshiyalangan”, deb yozilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, qonun qabul qilish jarayonining o‘zidayoq katta xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Bu orada medal ham “SUHRAT”, ham “SHUHRAT” degan yozuvlar bilan chiqqan va mukofotlanganlarga taqdim etib borilgan. Ayniqsa, xato yozilgan medallarning ko‘p qismi Islom Karimov rahbarlik davrida, uning imzosi bilan topshirilgan. 

Medalning orqa tomonida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Pastki qismida medalning raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.

Medalning qalinligi 3 millimetr.

Medal respublika Davlat bayrog‘i ranglaridagi yo‘l-yo‘l shoyi mato sirilgan besh burchakli qadag‘ich (kolodka)ga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi. Matoning eni 24 millimetr. Ko‘k, oq va yashil yo‘llarining eni 7 millimetrdan, qizil yo‘llarining eni 1,5 millimetr.Qadag‘ichning bo‘yi 48 millimetr, eni 45 millimetr. Medal to‘g‘nog‘ich bilan taqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni va imzosi bilan 25 yildan buyon topshirib kelinayotgan ushbu medalning xato bilan chiqarilishi va mukofotlanganlarga taqdim etilishi, yillar davomida ko‘pchilik rahbarlar buni payqamasligi, Prezidentning imzosi parvosiz tushirilishi mamlakatning ayrim yuqori tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan kadrlarning savodxonligi haminqadar ekanini ko‘rsatadi. Qizig‘i shundaki, medalning ustidagi yozuv lotin alifbosida, uning haqiqiyligini isbotlovchi hujjat esa kirill alifbosida. Mamlakatda hamon ikki alifbodan foydalanib kelinayotgani esa ushbu xatoning omillaridan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Shavkat Mirziyoyev imzosi bilan topshirilayotgan “Shuhrat” medalida xatoliklar bartaraf etilgan, hujjat ham o‘zgargan. Ammo ularda hamon lotin va kirill alifbosidan foydalaniladi. 

Biroq, 1994 yilda qabul qilingan qonunda medal nomi rasman “SUHRAT” ekani keltirilgan. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari milliy bazasiga ham medalning quyi qismida oq emal fonida qabariq harflarda “SUHRAT” deb yozilgani tasvirlangan surat joylashtirilgan

Ma’lumot o‘rnida, “Shuhrat” medali bilan respublika iqtisodiyoti, fani va madaniyatini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik hamda milliy istiqlol va ijtimoiy taraqqiyot g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishida o‘zining halol mehnati bilan katta yutuqlarga erishgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar mukofotlanadilar.

“Shuhrat” medali bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mukofotlaydi. Medal bilan mukofotlash to‘g‘risidagi Farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

“Shuhrat” medali bilan mukofotlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar rahbarlarining hamda jamoat birlashmalari respublika organlarining taqdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.

“Shuhrat” medalini va bu mukofotga oid tegishli hujjatni tantanali vaziyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga binoan boshqa shaxslar topshiradi.

“Shuhrat” medali bilan mukofotlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining besh karrasi miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar.

“Shuhrat” medali bilan mukofotlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.

Medal ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

“Shuhrat” medali bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda medal, mukofotlash to‘g‘risidagi hujjat va bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shuhrat medali

Baholaganlar

135

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing