Sudya sud majlisini prokuror bilan maslahatlashib o‘tkazgani aytilmoqda
3-sahifa
−
05 iyul 2022
14832Joriy yilning 29 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudi sudyasi prokuratura xodimi bilan maslahatlashib, keyin sud majlisini boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.
Zangiotalik S.T.ning deputatga bildirishicha, 29 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudi sudyasi D.T. sud majlisini soat 17:00 ga belgilagan bo‘lishiga qaramay, soat 19:00 ga qadar boshlamagan. Sababi prokuratura xodimi F.O. majlisga yetib kelmagan.
Prokuratura xodimi kelgach, sudya alohida xonada oldindan ushbu prokuror bilan maslahat qilib, soat 19:30 larda zalga kirib, majlisni boshlagan. Uning prokuratura xodimi bilan alohida maslahat qilganini kotib o‘z so‘zi bilan tasdiqlab qo‘ygan.
Keyin sudya hech narsa bo‘lmagandek, oldindan ishni pishirib bo‘lgan “maslahatchisi” prokuraturaga taraf sifatida so‘z bergan.
Sudyalar Oliy Kengashi Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yuqoridagi holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.
“Xizmat tekshiruvi Toshkent viloyati sudlari sudyalar malaka hay’ati tomonidan olib borilmoqda va natijasi yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi xabarda.