Sud Trampning migrantlarni chiqarib yuborish rejasini rad etdi

Olam

image

AQSHning Boston shahridagi sud Prezident Donald Tramp ma’muriyatining migrantlarni Liviyaga va Salvador davlatlariga chiqarib yuborish rejasini rad etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, sud bu rejani xavfli deb topgan va agar noto‘g‘ri qaror qabul qilinsa, migrantlar uchun qaytarib bo‘lmaydigan zarar bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Tramp qabul qilgan dasturga ko‘ra, AQSHdan chiqariladigan migrantlar, shu jumladan hozirda AQSH qamoqxonalarida saqlanayotganlar ham, xavfsizligi ta’minlanmagan davlatlarga – masalan, Liviyaga yuborilishi rejalashtirilgan edi.

Sud vakillarining ta’kidlashicha, Liviyaga yuborish katta xavotirlarni uyg‘otadi, chunki u yerda hozirda tartibsizliklar, zo‘ravonlik va beqarorlik kuchli. Bunday sharoitda odamlarni u yerga deportatsiya qilish inson huquqlari nuqtayi nazaridan xavfli va nojoiz deb baholanmoqda. 

Yechim sifatida AQSH hukumati “ixtiyoriy o‘zini-deportatsiya qilish” dasturini yo‘lga qo‘ygandi. Bu dasturning mohiyati shuki – AQSHda noqonuniy yashayotgan migrantlar o‘z xohishlari bilan vatanlariga qaytsa, ularga ming dollar pul beriladi.

AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning aytishicha, bu usul odatdagi deportatsiyadan ancha arzon. Chunki bitta migrantni hibsga olib, saqlab turish va majburiy ravishda chiqarib yuborish AQSHga o‘rtacha 17 ming dollarga tushadi.

Ma’lumot uchun, Tramp 2024 yilgi saylov kampaniyasida AQSHdagi noqonuniy migrantlarga qarshi kurashishni asosiy va’dalaridan biri deb e’lon qilgan edi. U birinchi yil ichida 1 million migrantni chiqarib yuborishni rejalashtirgandi. Ammo mutaxassislar bu rejani haqiqatdan yiroq deb hisoblashmoqda, chunki bu juda katta mablag‘, ko‘p xodim talab qiladi va ko‘pchilik migrantlar o‘z huquqlarini sudda himoya qilishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Ichki xavfsizlik departamenti mamlakat fuqaroligini qo‘lga kiritish imkonini beruvchi “Ochlik o‘yinlari ” filmiga o‘xshash realiti-shou loyihasini ko‘rib chiqayotgan edi. Loyihadan asosiy maqsad “umid uyg‘otish va AQSH fuqarosi bo‘lish nimani anglatishini ko‘rsatish”.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Donal'd Tramp Boston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing