Sud tergovchiga jazo qo‘lladi

3-sahifa

image

Joriy yilning 31 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining tegishli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi U.X. jazolandi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Aniqlanishicha, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan ochilgan jinoyat ishida fuqaro U.F. 2024 yil 20 avgustda Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 184-moddasi (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi va 189-moddasi (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan. U shu kuni soat 23:53 da Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi (Surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) tartibida ushlangan. Ertasiga esa gumon qilinuvchi U.F. ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan 22 avgustda “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Joriy yil 16 yanvar kuni esa IIV huzuridagi Tergov departamenti tergovchisi U.X. noma’lum sabablarga ko‘ra, dastlabki tergov harakatlari davomida fuqaro U.F.ning huquqlarini himoya qilib kelgan advokat A.A.ni ishda ishtirok etishdan chetlashtirish to‘g‘risida asossiz qaror qabul qilgan. 

Advokat 21 yanvar kuni ushbu qarordan nusxa olishni so‘rab tergovchiga  advokatlik so‘rovi yuborgan, biroq mazkur so‘rovnomaga javob olmagan. Shundan so‘ng advokat tuman sudiga murojaat qilib, IIV huzuridagi Tergov departamenti o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi U.X.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1971-moddasi (Advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish) bilan ma’muriy javobgarlikka tortishni so‘ragan.

Sud majlisida advokat ko‘rsatma bergan, biroq tergovchi tegishli tartibda chaqirtirilishiga qaramay, noma’lum sabablarga ko‘ra sud majlisiga kelmagan va kelmaslik sabablari haqida sudni ogohlantirmagan. Shunga ko‘ra, sud ishni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqishni lozim deb topgan.

Sud qarori bilan advokatning arizasi qanoatlantirilib, tergovchi huquqbuzarlik sodir etgan deb topilgan. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida, ya’ni 750 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. Jarima davlat foydasiga undirilishi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

sud tergovchi advokat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing