Sud kuchli bo‘lsa, “bespredel” kam bo‘ladi – Allamjonov

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida keyingi ishlarni 5 ta asosiy vazifalar bo‘yicha tashkil etishini aytgan edi. Bunda Prezident ta’lim, sud, tidbirkorlik, sog‘liqni saqlash va ichimlik suvi bo‘yicha islohotlarni nazarda tutdi. 

Xo‘sh, qolgan sohalar-chi? Prezident nega ushbu besh yo‘nalishni urg‘uladi. Ijtimoiy tarmoq va jamoatchilik orasida bahslarga sabab bo‘layotgan ushbu masalaga Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov aniqlik kiritdi. 

“Kechagi Prezident ma’ruzasi nimasi bilan farq qiladi? Undagi masalalar doim aytib kelinardi-ku. 

Gap shundaki, yurtimizda muammo ko‘p, uning yechimi uchun imkoniyat kam. O‘zimizni qancha o‘qqa-cho‘qqa urmaylik, chegaralangan imkoniyat bilan masalani oxiriga yetkaza olmaymiz. Ishlarimiz natijasi chala-chulpa bo‘lib qolaveradi. 

Buning yechim qanday, degan savolga kecha Prezident javob berdi. 

U 5 ta sohani ustuvor qilib ajratib, hozirgi bor imkoniyat bilan shu 5 ta sohani 5 ga bajaramiz, uning ustiga o‘tirib olib, yoyilib ketmasdan ishlaymiz, demoqchi bo‘layapti”, deydi Allamjonov o‘zining Telegram-kanalida.

U Prezident nega aynan 5 soha tevaragida gapirganini tushuntirdi. 

“Nega aynan shu 5 ta soha? Ta’lim rivojlansa, bilimlilar ko‘payadi. Bilimlilar yurti hech qachon qoloq bo‘lmaydi. 

Biznes ortidan odamlar, jamiyat boy bo‘ladi. Kambag‘allik qisqaradi. Boylari ko‘p yurtda turli sohalar, servis xizmatlar, umuman yaxshi hayotga intilish kuchayadi va barpo bo‘ladi. 

Biznesmenlar huquqlarini shaxslar emas, qonun, odil sud himoya qila olsa, ular pulini chetga olib chiqib ketmaydi, chetdan kiradigan investorlar soni ham shunga qarab ko‘payadi, chunki ularda ham ishonch bo‘ladi. Aslida, hamma muammoning yechimi bu – odil sud. Sud kuchli bo‘lsa, oddiy aytganda ta’limda ham, biznesda ham, meditsinada ham, suvda ham — hamma sohada  “bespredel” kam bo‘ladi. Hamma o‘zining o‘rnini bilib yuradi. 

Ertaga suv qurib qolsa, islohotlar ham ko‘ngilga sig‘maydi. Hozir suv kamayishi tezlashgan. Yaqin yillarda ayrim hududlar cho‘lga aylanib, qurg‘oqchilik kuchayib ketishi xavfi ortib borayapti. 

Meditsina muhimligini-ku gapirmasa ham bo‘ladi. U yerdagi korrupsiya va sifatsiz xizmatga har birimiz doim to‘qnash kelamiz. 

Bir so‘z bilan aytganda, aynan shu 5 ta sohani 5 ga bajara olishimiz shart”, deydi Allamjonov.


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

96

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing